Tojikistonning Rashtida talofatlar soni ortib bormoqda

Tojikistonda sobiq muxolifat va hukumat kuchlari orasidagi janglar davom etarkan, ikki tomondan ham halok bo‘lganlar soni ortib bormoqda.

Shu kungacha Kamarob darasidagi ilk otishmada qurbon bo‘lganlar doxil ikki tomondan kamida 40 kishi boy berilgan.

Ayni vaqtda Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi hibsxonasidan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish amaliyotlari jarayonida bir afg‘on fuqarosi ham halok etilgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch kunda Kamarob darasidagi janglarda 7 nafar jangari o‘ldirilgan.

Amaliyot boshlanganidan buyon esa, kamida 15 nafar jangari halok etilgan.

Shuningdek, hukumat kuchlari orasida ham talofatlar borligi xabar qilingan.

Ichki Ishlar vazirligi shtab boshlig‘i Tohir Normatovning ma‘lum qilishicha, kecha og‘ir jarohatdan so‘ng Xatlon viloyat maxsus tezkor militsiya otryadi boshlig‘i Zoirsho Qalandarov olamdan o‘tgan.

Bungacha uning otryadidan 5 nafar militsiya xodimi ham halok bo‘lganligi xabar qilingandi.

Rasmiylarga ko‘ra, hozircha talofatlarning aniq soni ma‘lum emas.

Kamarob darasidagi janglarning boshlanish nuqtasi 19 sentbrda harbiylar avtokarvonining pistirmadan o‘qqa tutilishi bo‘lgan.

O‘shanda 26 nafar harbiy halok bo‘lgandi. Ularning aksari 19-20 yoshli askarlardir.

Rasmiylar ularning hibsxonadan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish uchun jo‘natilganini aytishadi.

Bundan bir necha kun avval Tojikiston kuch ishlatar tizimlari mulozimlari bilan muzokarada sobiq dala qo‘mondoni Mirzaxo‘ja Ahmadov mintaqaga juda ko‘p harbiy kuchlar kiritilayotganidan xavotirlarini bildirgan va yana harbiy kuchlar kiritilsa, ular qaytadan qo‘llariga qurol olishlari bilan ogohlantirgandi.

Rasmiy Tojikiston Kamarob darasida harbiylarga pistirmadan bo‘lgan hujumda sobiq Birlashgan Tojik Muxolifati dala qo‘mondonlari Abdullo Rahimov, Mirzaxo‘ja Ahmadov va Alovuddin Davlatovlarni ayblamoqda.

Jangarilar bilan muzokora qilish uchun Rashtda bo‘lgan Xavfsizlik Kengashi kotibi Amirqul Azimov mamlakat sharqidagi beqarorlikda tashqi kuchlar ham aloqador, deb urg‘ulagan.

Ayni vaqtda 23 avgust tunida Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi vaqtinchalik saqlash hibsxonasidan qochgan mahbuslarni ushlash amaliyotlari ham davom etmoqda.

Qochqinlardan biri - afg‘on fuqarosi Tavildara tumanida qurolli qarshilik ko‘rsatgani sabab, otib halok etilgani ham xabar qilingan.

41 yoshli Afg‘oniston fuqarosi Bozorali validi Egamberdi noqonuniy tarzda qurol-yarog‘ , giyohvand moddalar saqlash va chegaradan o‘tish ayblari bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etilgan bo‘lgan. Hozirda yana 15 nafar mahbus ochiqda qolmoqda.