Xorijdagi qirg‘izistonlik o‘zbeklar dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqishdi.

Image caption Iyun oyidagi zo‘ravonliklarda uylari vayron bo‘lgan o‘zbeklar sekin-asta tiklash ishlariga qo‘l urmoqdalar, ammo jamoa vakillariga qarshi tazyiqlar hamon davom etayotganligini aytadilar.

Xorijga chiqib ketgan qirg‘izistonlik o‘zbeklar dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqib, Qirg‘izistonda qolgan millatdoshlariga qarshi bo‘layotgan zo‘rlik va shafqatsizlikdan xavotir bildirdilar.

Qirg‘iziston o‘zbeklarini himoya qilishga chaqirgan faollarga ko‘ra, u yerda o‘zbeklarga qarshi millatchilik hatto davlat miqyosiga chiqmoqda.

Qirg‘iz matbuoti esa aksar o‘zbeklar nishonga olingan O‘sh xunrezligi uchun o‘zbeklarni ayblash bilan band, deb ta‘kidlanadi.

Bi-bi-si bilan suhbatda murojaatnoma mualliflaridan biri Shahobiddin Yusupovning aytishicha, iyun oyidagi zo‘ravonliklardan so‘ng o‘zbek jamoasi vakillariga qarshi tazyiqlar davom etmoqda.

Shahobiddin Yusupovning bildirishicha qirg‘iz rasmiylarining mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish haqidagi bayonotlariga qaramay amalda bu borada aksincha harakatlar qo‘llanmoqda.

Misol tariqasida u Jalolobod shahar Suzoq mahallasi imomining hibsga olingani, uni ozod qilish talablariga qaramay hanuz hibsda saqlanayotganligini keltirdi.

U shuningdek pul undirish maqsadida ko‘plab insonlar hibsga olinayotganligini aytdi.

Shahobiddin Yusupovning fikricha, bu kabi jarayonlardan dunyo hamjamiyati xabardor, ammo samarali yo‘lda aralashishdan o‘zini tortmoqda.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди