Qirg‘iziston: ovoz berishda saylovchilarning yarmidan ziyodi qatnashgan

Yuzlab inson umriga zomin bo‘lgan Qirg‘iz-O‘zbek milliy nizolaridan to‘rt oy o‘tib, Qirg‘izistonda parlament saylovi bo‘lib o‘tdi.

Parlamentdagi 120 o‘rin uchun 29 partiya bellashgan.

Prezident Roza O‘tinboyeva bu saylov parlament boshqaruviga o‘tgan Qirg‘iziston uchun sinov, deb aytdi.

Ilk xabarlarga ko‘ra, ovoz berish tinch o‘tgan, lekin saylovchilarning yarmidan ko‘pi ovoz bermagan.

Mahalliy vaqt bilan kechki soat sakkizda saylov uchastkalari yopilgan va ovoz berish jarayonlari nihoyasiga yetgan.

Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasining e‘lon qilgan dastlabki raqamlarga ko‘ra, respublikadagi jami saylovchilarning 56 foizi ovoz berganlar.

Markaziy saylov komissiyasiga kura, saylovchilarning faolligi ularning bo‘lib o‘tishiga ta‘sir ko‘rsatmaydi.

Saylovlar bilan bog‘liq asosiy xavotir xavfsizlik xavotirlari edi.

Xususan, iyun oyidagi millatlaro to‘qnashuvlarga sahna bo‘lgan mamlakat janubida yangidan zo‘ravonliklar ro‘y berishi borasida xavotirlar izhor qilingan.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarida ovoz berish jarayonlari qattiq xavfsizlik choralari ostida o‘tgan.

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva shanba kuni o‘zbek aholisiga murojaat etib, parlament saylovlarida faol ovoz berishga chaqirgandi.

Uning aytishicha, yangi va kuchli parlament mamlakatda tinchlikni ta‘minlashga xizmat qilishi mumkin.

10 oktyabr kuni Bishkekda ovoz bergan Prezident Roza O‘tinboyeva saylov targ‘ibotlari va ovoz berish jarayonlarining osoyishta o‘tganini ta‘kidlagan.

"Butun saylov targ‘ibotlari osoyishta o‘tdi va men aminmanki, biz bugun tinchlik bilan yangi hokimiyatni saylaymiz", dedi Prezident O‘tinboyeva.

U Qirg‘iziston muhim sinov oldida turganini ta‘kidladi

"Biz bugun imtihon topshirayapmiz. Agar imtihondan o‘tsak, xavfsizlik saqlanadi, deb men ishonaman", degan Qirg‘iziston prezidenti.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Qirg‘izistondagi parlamet saylovlarini kuzatgan guruhi raxbari Yanis Lenarchich ovoz berish jarayonlarining tinch o‘tganidan qoniqqanlarini aytdi.

Yanis Lenarchich so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning yaqin tarixidagi siyosiy zo‘ravonliklar manzarasida saylovlarning osoyishta kechishi juda ham muhimdir.

"Odamlarning o‘z irodalarini namoyon eta olishlari juda muhim. Shuningdek, saylovchilar irodasining saylov natijalarida aks etishi va pirovardida hammaning bu natijalarni tan olishi birdek muhim, deydi ovro‘polik kuzatuvchi.

Prezident O‘tinboyeva olti oy avval erkin saylovlarni va‘da qilishgani va bugun ana sha va‘daning amalga oshganini aytgan.

"Ota makon" partiyasi rahbari Omurbek Tekebayev saylovlarning nisbatan adolatli o‘tayotgani, saylovchilarning haqiqatan ham o‘zlari istagan partiyaga ovoz berish imkoni borligini aytgan.

Ammo u hukumat, ma‘muriy zahiralar ovoz berish jarayonlariga aralashmagani holda, odamlarning erkin tanlov qilishiga to‘sqinlik qilayotgan boshqa omillarning, xususan, jinoiy omilning paydo bo‘lganini da‘vo qilgan.

Janob Tekebayev so‘zlariga ko‘ra, kuchli markaziy hokimiyat bo‘lmagan bir sharoitda jinoiy unsurlar joylarda o‘zlarining shartlarini ilgari surishayapti.

"Ba‘zi jinoiy guruh vakillari ovoz berish jarayonlarida ochiq-oydin ishtirok etmoqdalar", deb aytgan "Ota makon" partiyasi rahbari.

Markaziy Osiyodagi ilk parlament demokratiyasini yaratishiga umid qilinayotgan saylovlarda parlamentdagi 120 o‘rin uchun 29 ta partiya kurashmoqda.

So‘rovlarga ko‘ra, bironta ham partiya aksariyat ovozni ololmaydi va Qirg‘izistonda koalitsion bir hukumat tuzilish ehtimoli katta.

Ammo partiyalar saylov natijalarini tan olmasligi va norozilik hamda zo‘ravonliklarning yuz berish ehtimolidan xavotirlar mavjud.

Saylovdagi yetakchi partiyalardan "Or-nomus" partiyasi rahbari va sobiq bosh vazir Feliks Kulov agar saylovlar haqqoniy o‘tsa, tartibsizliklar bo‘lmaydi, deb aytgan.

Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasiga ko‘ra, saylovning dastlabki natijalari dushanba kuni tushgacha e‘lon qilinishi kutilmoqda.