'Qirg'iz saylovida Bakiyevni qaytarish niyatidagi partiya ko‘p ovoz to‘plagan'

Image caption "Ata Jurt" partiyasining saylov natijalarida yetakchiligi Qirg‘izistonda ko‘pchilikni hayratlantirgan

Qirg‘izistondagi parlament saylovlari dastlabki natijalariga ko‘ra, muxolifatdagi millatchi "Ata Jurt" partiyasi ko‘p ovoz to‘plagan.

"Ata Jurt" rahbariyati hokimiyatdan ketkazilgan prezident Qurmanbek Bakiyev qo‘li ostida ishlagan shaxslar bo‘lib, ular qudratga keladigan bo‘lsalar, Bakiyevni yana Qirg‘iziston prezidentligiga qaytarish g‘oyasini ilgari surganlar.

Shuningdek, "Ata Jurt" rahbarlaridan Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonda boshqa millatlar qirg‘izlar bilan teng huquqlilikka da‘vo qilmasliklari lozimligini aytib chiqqan.

Aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar ortidan qudratga kelgan muvaqqat hukumat rahbarlari mamlakatda prezidentlik boshqaruvi o‘zini oqlamagani sababidan parlament boshqaruvidagi respublika tizimiga o‘tish rejasini e‘lon qilganlar.

10 oktyabrdagi saylovlardan keyin eng ko‘p ovoz olgan partiyaning hukumat tuzishi ko‘zda tutilgan.

11 oktyabr kuni Qirg‘iziston Markaziy Saylov komissiyasi jami byulletenlarning o‘ndan to‘qqiz qismi sanab chiqilganda "Ata Jurt" partiyasi oldinda borayotganini e‘lon qilgan.

Parlamentda o‘ringa ega bo‘lish uchun talab etiladigan besh foizlik to‘siqdan hukumatparast Sotsial-demokratik hamda yana to‘rt partiya o‘tishga muvaffaq bo‘lgani xabar berilgan.

Ovozlar bo‘yicha "Ata Jurt" partiyasi birinchi o‘rinda, sobiq bosh vazir Almazbek Atamboyev yetakchiligidagi Sotsial-demokratik partiya ikkinchi, sobiq bosh vazir Feliks Kulov rahbari bo‘lgan "Or-nomus" uchinchi, "Respublika" partiyasi to‘rtinchi, muvaqqat hukumat rahbarlaridan biri Omurbek Tekebayevning "Ota makon" partiyasi beshinchi o‘rinni egallaganlar.

Bunday sharoitda birorta partiya parlamentdagi aksar o‘rinlarni egallay olmaydi, partiyalarning koalitsion hukumatni shakllantirish uchun birlashishlari talab etiladi.

Qirg‘iziston Joqorg‘u Keneshidagi 120 o‘rin uchun saylovlarda 29 partiya bellashdi.

Yakshanba kungi saylovlar Qirg‘iziston janubida kamida 400 inson umriga zomin bo‘lgan millatlar o‘rtasidagi qonli hodisalardan bir necha oy o‘tib o‘tkazildi.

Saylov mulozimlariga ko‘ra, ovoz berishda jami saylovchilarning qariyb 57 foizi ishtirok etgan.

Bi-bi-sining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Rayhon Demitriye yozishicha, "Ata Jurt" partiyasining saylov natijalarida yetakchiligi Qirg‘izistonda ko‘pchilikni hayratlantirgan.

Markaziy Saylov komissiyasi rasmiylari aytishlaricha, ovoz berish paytida "ahamiyatsiz" qonun buzilishi hollari kuzatilgan.

Aksar kuzatuvchilar saylovlarni adolatli va shaffof o‘tdi deb baholashgan.