Qirg‘izistonda koalitsion hukumat qudratga kelishi mumkin

Qirg‘izistonda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida biror bir partiya yaqqol g‘olib chiqmagan.

Mazkur holat esa, endi koalitsion hukumat tuzish uchun partiyalarning birlashishlari lozimligini anglatadi.

Hozircha muxolifatdagi millatchi "Ata Jurt" partiyasi oldinda bormoda. Mazkur partiya o‘tgan aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar ortidan qudratdan chetlatilgan prezident Qurmanbek Bakiyevning ittifoqchilarini o‘z ichiga oladi.

Hukumatparast Sotsial Demokratlar va yana boshqa uch partiya parlamentda o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun lozim bo‘lgan 5 foizlik ovozni qo‘lga kiritishgan.

Qirg‘izistondagi parlament saylovlari yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan milliy nizolardan bor-yo‘g‘i 4 oy o‘tib uyushtirilgan.

Saylovlarda butun Qirg‘iziston bo‘ylab 56 foiz saylovchilar ishtirok etishgan. Eng qaqshatqich etnik nizolarga sahna bo‘lgan janubiy O‘sh shahrida esa, raqamlar bundan ham yuqoriroqqa yetgan.

Koalitsion hukumat

29 ta partiyadan beshtasi parlamentga kirish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa ham, birortasi yaqqol oldinga o‘zib ketib, hukumat tuzish darajasida ovoz to‘play olmagan.

Saylov mulozimlariga ko‘ra, parlament saylovlari jarayonida "arzimas qonunbuzarliklar"ga yo‘l qo‘yilgan. Ikkita holatda esa, saylov qutilari soxta ovoz berish varaqalari bilan to‘ldirilgan.

Biroq saylovlarga 250 nafarga yaqin kuzatuvchisini yuborgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nomzodlarning soni ko‘p bo‘lganini aytib, Qirg‘izistondagi parlament saylovlarini olqishlab chiqqan.

Xalqaro tashkilot, shuningdek, Qirg‘izistondagi saylovlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa davlatlar uchun yaxshi namuna ekanini ham aytgan.

Endi esa, partiyalar kim bilan koalitsion hukumat tuzishlari borasida bir qarorga kelishlari lozim bo‘ladi.

Bishkekda bo‘lgan muxbirimiz Rayxon Demitriyening aytishicha, parlament saylovlarida "Ata Jurt"ning hammadan ilgarilab ketishi Qirg‘izistondagi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan.

"Ata Jurt" Qirg‘iziston janubidagi etnik qirg‘izlar orasida kuchli dastakka ega va hukumatning prezidentlik boshqaruvi shakliga qaytishini xohlaydi.

O‘tgan iyun oyida bo‘lib o‘tgan referendumda Qirg‘izistonda parlament boshqaruvini ko‘zda tutuvchi yangi konstitutsiya ma‘qullangandi.

So‘nggi saylov natijalarini Qirg‘izistonda o‘z bazalariga ega bo‘lgan Rossiya va AQSh yaqindan kuzatib borishmoqda.

Parlament saylovlari aprel oyidagi zo‘ravon namoyishlardan olti oy o‘tib bo‘lib o‘tgan.

Muxbirimizga ko‘ra, Qirg‘izistonda agar partiyalar saylov natijalaridan rozi bo‘lishmasa, yangi zo‘ravonliklar kelib chiqishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Rossiya nimadan xavotirda?

Xalqaro kuzatuvchilar saylovni demokratiya g‘alabasi deb atashgan, biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva Qirg‘izistondagi ushbu siyosiy o‘zgarishlar mamlakatdagi barqarorlikka putur yetkazadi, deb qo‘rqadi:

"Qirg‘izistonda shu yil iyunidagi referendumda qaror berilgan hukumatni shakllantirishning bunaqa keskin o‘zgartirilishi shakliga o‘tilishi Qirg‘iz davlatini barqaror rivojlanishini ta‘minlashda murakkabliklar paydo qilishi mumkinligi borasida biz o‘zimizning xavotirlarini allaqachon bildirganmiz," deb aytgan janob Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, shunga qaramasdan Qirg‘iz hukumati shakllanganidan keyin Rossiya ular bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga tayyor.