Qirg‘izistondagi saylovlar xalqaro matbuotda qanday aks-sado topmoqda?

Qirg‘izistonda o‘tgan yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida millatchi "Ata Jurt" partiyasining saylovchilar orasida katta dastakka ega bo‘lgani xalqaro matbuotda asosiy mavzulardan biriga aylangan.

Britaniyaning "The Independent " gazeti Qirg‘izistondagi saylovlarga doir maqolasini " Millatchilar saylovda g‘alaba qozondi" deb nomlagan. Gazetaning O‘shda bo‘lgan muxbiriga ko‘ra, Qirg‘izistondagi parlament saylovi mintaqadagi eng halol saylov bo‘lgan, Markaziy Osiyo mamlakatlari saylovni soxtalashtirishga ustadir.

"The Independent " muxbiriga ko‘ra, millatchi partiyaning kutilmagan muvaffaqiyati Qirg‘izistonni Markaziy Osiyoning ilk parlament demokratiyasi qurish yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lishi mumkin.

"Washington Post " ham "Ata Jurt" partiyasi ko‘proq qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lganini kutilmagan deb baholaydi, ammo asosan musulmonlar yashaydigan Markaziy Osiyodagi kichik bir davlatning demokratik tuzum qurish yo‘lida ilk bor ozod va erkin saylovlar o‘tkaza olganinini ham kutilmagan hol, deb ta‘riflaydi.

Amerikaning boshqa yetakchi gazeti " New York Times " esa, ayni saylovlarga anchayin ehtiyotkor munosabat bildiradi. Gazeta xalqaro kuzatuvchilarning saylovlarni olqishlaganini e‘tirof etgan holda, millatchi bir partiyaning muvaffaqiyati Qirg‘izistonni yana yaqin o‘tmishning beqaror qa‘riga uloqtirishi ehtimoli bilan ogohlantiradi.

Gazeta tahlilchi Toktogul Kakchekeyevning " bu saylovlar natijasi yangi parlament tizimining ostiga qo‘yilgan bombadir" degan so‘zlarini keltiradi.

Britaniyaning "Financial Times" gazeti esa o‘z maqolasini " Qirg‘iz sinovi" deb nomlagan.

Maqolada nima uchun Qirg‘izistonda parlament tizimi joriy etilgani tushuntiriladi.

Bundan maqsad mustahkam parlament Prezidentning avtoritar yo‘ldan ketib qolmasligini kafolatlashi kerak, deyiladi.

Muallifga ko‘ra, maqsad o‘tgan besh yil ichida ikki prezidentni qudratdan uloqtirgan ommaviy ko‘tarilishlar to‘lqiniga ham yakun yasashdir.

Yana bir maqsad esa, etnik ziddiyatlarning oldini olish, parlamentda va hukumatda barcha millatlarning teng ishtirokini kafolatlash edi, deyiladi.

Gazetaga ko‘ra, Qirg‘izistonning demokratiya tomon tashlagan katta qadami sinovi tahsinga loyiq, ammo bu qadam haddan ortiq katta bo‘lishi ham mumkin.