Chilidagi qutqaruv amaliyoti zafar bilan yakunlandi

Image caption Oxirgi bo‘lib smena brigadiri Luis Ursua qutqarib olingan.

Zax va qorong‘u yer qa‘rida ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tkazgan 33 nafar konchining barchasi eson-omon yer yuziga chiqarib olingan.

Dunyo tarixidagi misli ko‘rilmagan qutqaruv amaliyotiga sahna bo‘lgan kondan oxirgi bo‘lib smena brigadiri Luis Ursua qutqarib olingan.

Aynan Ursua kondagi halokatdan 17 kun o‘tib, konchilar o‘lgan, deb taxmin qilingan bir paytda ularning tirikligi haqida yer yuziga mujda yo‘llagandi.

Ursuani, boshqa shaxtyorlar kabi yaqinlari va Chili Prezidenti Sebastyan Pinьera qarshi olishgan.

Prezident qutqaruv amaliyoti uning mamlakatii butunlay o‘zgartirib yuborganini aytgan.

"Chili har doimgidan ham ko‘ra birdam va mustahkamdir, dunyoning unga e‘tibori boshqacha",-degan Sebastyan Pinьera.

22 soat davom etgan amaliyot chog‘ida yer ostidagi konchilar tor tuynukdan maxsus kapsula vositasida birin-ketin tepaga ko‘tarib olingan.

Kon tubidagi ifloslangan havo va qorong‘ulik ta‘sirida ularning ba‘zilari o‘tkir tish infektsiyasi, boshqalari esa ko‘z kasalini orttirishgan.

Konchilardan biri zotiljam bilan tashxislangan, ammo uning holati qoniqarli ekani aytilmoqda.

Chili Sog‘liqni saqlash vaziri konchilarning sog‘ligi kutilganidan yaxshi ekanini aytgan.

Chilining Atakama sahrosidagi San Xose mis va oltin konida 5 avgust kuni yuz bergan halokatdan so‘ng konchilarning 48 soatga yetadigan yeguliklari qolgandi, xolos.

17 kunlik qazishdan so‘ng qutqaruvchilar ular bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganlar.

33 nafar konchi hozirda Kopiapo shaxtyorlar shaharchasi yaqinidagi shifoxonaning ikki bo‘linmasiga yotqizilgan.

Konchilarning ko‘zlari yorug‘likka moslashishi uchun xonalar nimqorong‘u qilib qo‘yilgan.

Chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan tungi 12.10 da boshlangan amaliyotda birinchi bo‘lib Florensio Avalos yer yuzasiga chiqarilgan.

Florensio Avalos Chili Prezidenti Sebastyan Pinera bilan quchoqlashib ko‘rishgan.

Bu hayajonli daqiqalarni Chili shimolidagi Atakama cho‘li qoq o‘rtasidagi San Xose koni atrofiga yig‘ilgan shaxtyorlarning yaqinlari, butun dunyodan yig‘ilgan jurnalistlar va dunyodagi millionlab insonlar kuzatganlar. Qayta tirilganlar

San Xose konida portlash 5 avgustda ro‘y bergan edi.

Dastlab mis konidagi portlash haqidagi xabardan keyin yer ostidagi insonlar tirikmi yoki yo‘qmi ekani bir necha kun noma‘lum bo‘lib turdi.

Oradan 17 kun o‘tib, qutqaruvchilar xushxabar oldilar, 33 ko‘mirchi omon qolgan.

Biroq ular yer sathidan 622 metr pastlikda qamalib qolgan, ularni olib chiqadigan kon shaxtasi vayron bo‘lgan edi.

Shaxtyorlarni tepaga olib chiqish uchun uch joydan tuynuk qazishga kirishildi, ammo insonlarni yuqoriga olib chiqishga faqat yangi yil arafasida erishish mumkin, degan taxminlar bildirildi.

Lekin shuncha uzoq vaqt zulmatda qoladigan odamlarning ruhiy holati bunga chidash berarmikan, degan xavotirlar o‘rtaga chiqdi.

Yer ostiga veb-kamera tushirildi, konchilarning yaqinlari bilan bir-birlarini ko‘rib, gaplashishlariga imkoniyat berildi.

Yuqoridan tanishu-notanish insonlar shaxtyorlarga dalda bo‘ladigan sovg‘alar, ularni qo‘llab-quvvatlash izhor etilgan maktublar yetkazildi.

Odamlar qamalib qolgan joygacha xuddi kosmonavtlarni tashishga mo‘ljallangandek maxsus kapsula harakatlana oladigan tuynuk ochish 33 kun davom etdi. "Biz buni birgalashib amalga oshirdik!"

Bi-bi-si bilan suhbatda Chili Prezidenti Pinьera misli ko‘rilmagan qutqaruv amaliyoti uning mamlakati haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirib yuborishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chililiklar bu kunni hech qachon unutishmaydi.

"Shaxtyorlarning tog‘ tubidan yer sathiga qanday olib chiqilayotganini ko‘rish, ayollari, qizlarini shunday baxt va nash‘a bilan quchoqlayotganlarini tomosha qilish-bu nimadir... Bu-e‘tiqod, sobitqadamlik va hamkorlikning qiymatini ko‘rsatadi".

Prezident endi dunyodagi barcha Chilini harbiy xunta boshqaruvi yillari bilan emas, balki shaxtyorlarni qutqaruv amaliyoti tufayli eslaydi, deb umid qilishini aytdi.

"Ular biz chililiklar buni birgalikda amalga oshirganimizni eslashadi. Chunki bu amaliyot bizni birlashtirdi va bu butun dunyo uchun bir o‘rnakdir", - dedi Chili rahbari.

U mamlakat shaxtalarida konchilarning xavfsizligi yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishga