HRW Qirg‘izistondagi mahkama jarayonlaridan xavotirda

Human Rights Watch tashkilotining aytishicha, janubiy Qirg‘izistonda iyun oyidagi etnik nizolar bilan aloqadorlikda mahkamaga tortilayotganlarning yaqinlariga uyushtirilayotgan hujumlar ayblanuvchilarni adolatli mahkamadan mahkum etadi va jabrdiydalar uchun adolatni qaror toptirishni qiyinlashtiradi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, qurbonlarning g‘azabnok yaqinlari mahkama arafasi va yakunida ayblanuvchilar, ularning yaqinlari, himoyachilar, jurnalistlar, mustaqil kuzatuvchilar va hatto hakamlarning o‘zlariga ham po‘pisa qilib, ularni hujumga tutishmoqda.

Hujumga tutilayotganlar aksariyatining o‘zbeklar ekani aytiladi.

Qirg‘iz mas‘ullari iyun oyidagi zo‘ravonliklar yuzasidan 4 mingdan ortiq jinoiy ish ochishgan va mahkama jarayonlari avgust oyidan buyon davom etib keladi.

Bi-bi-si vaziyatga oydinlik kiritish uchun xalqaro tashkilotning O‘shdagi vakili Andrea Berk bilan bog‘landi.

Andrea Berk: Men bugun Jalol-Oboddagi bir mahkama jarayonini kuzatdim. Bundan bir necha kun avval o‘ldirishlari bilan tahdid qilganlari uchun uchta himoyachi o‘zlarining o‘zbek mijozlarini himoya eta olmagandi. Biz ushbu voqeani o‘rganish uchun ataydan Jalol-Obodga safar qildik. Mahkama zalida yaqinlari iyun oyidagi voqealarda qurbon bo‘lgan yuzga yaqin g‘azabnok qirg‘izlarga ko‘zimiz tushdi. Ularning orasida erkaklar ham, ayollar ham bor edi. Sudlanuvchilar, himoyachilar va hatto, hakamning o‘zini himoya etish uchun mahkama zalida ko‘plab militsiya va maxsus kuchlar xodimlari ham bor edi.

Bi-bi-si: Mana, siz mahkama zalida katta sondagi militsiya xodimlari bor edi deyapsiz. Ular sudlanuvchilarni amalda himoya eta olishdimi? Mahkama zaliga yig‘ilgan yuzga yaqin qirg‘izlarning bugungi jarayonga munosabatlari qanday bo‘ldi?

Andrea Berg: Ha, ularning hozirligi muayyan ma‘noda ish berdi. Zalga yig‘ilganlar ayblanuvchilarga biror narsa otish yoki panjaraosha zarba tushirishga muvaffaq bo‘lishmadi. Ammo sudlanuvchilarga qarshi rosa haqoratlarni yog‘dirishdi. Suratga olishlari uchun ayblanuvchilarning o‘rinlaridan turishlarini talab etishdi. "Hammang hayvonsan, ekstremistsan, bo‘lginchisan," degan gaplarni aytishdi. Ayniqsa, mahkama jarayoni arafasida, hali hakam kelmasidan avval mahkama zalidagi vaziyat nihoyatda tajovuzkor edi. Hatto, mahkama jarayonida davomida ham hakam har 10-15 daqiqada zaldagilardan tinchlanishni so‘rardi. Ayblanuvchilarga ham yon-atrofdagi gap-so‘zlarga e‘tibor bermaslik, faqat o‘ziga murojaat etishlari va guvohlarga ham faqat haqiqatni so‘zlashlari lozimligini aytdi. Hakam mahkama zalidagi vaziyatni nazorat eta olmagan bo‘lsa ham, vaziyatning olovlanib ketishiga yo‘l qo‘ymadi.

Bi-bi-si: Hozir siz bitta mahkama jarayoni haqida so‘z yuritdingiz. Lekin yangi hisobotingizda yana ko‘plab boshqa mahkama jarayonlarida bo‘lganingiz va u yerda ham xuddi shunga o‘xshash holatlarga ko‘zingiz tushgani haqida yozgansiz. Siz guvoh bo‘lgan umumiy manzara qanday, endi?

Andrea Berg: Umumiy manzara shundayki, mahkama jarayonlarida ayblanuvchilar, himoyachilar, guvohlar va sudlanuvchilar yaqinlarining xavfsizliklari ta‘minlanmagan. Misol uchun, men kecha mahkama binosi tashqarisida o‘tirgandim. Ayblovlari jiddiy bo‘lmagani uchun tovon evaziga ozodlikda yurgan va mahkama jarayoniga uyidan qatnayotgan bir o‘zbek ayblanuvchi bor edi. U mahkama binosiga kelgan paytda tashqarida turgan 20-25 nafarcha olomon uni o‘lasi qilib kaltaklab tashladi. Militsiya xodimlari uni qutqarish uchun yordamga ham kelishmadi. Himoyachilari ham hech narsa qilisholmadi. Vaziyat nihoyatda tang. Bu yoqda iyun voqealari bilan aloqador yana ko‘plab jinoiy ishlar ko‘rib chiqilishi kerak. Bu kabi tergov va mahkama ishlarining xolis o‘tishi esa, nihoyatda muhim. Chunki bu ikki o‘rtada sulhu madorani qaror topishida muhim ahamiyatga ega. Agar bu kabi zo‘ravonliklar davom etaversa, tinchlikni qaror toptirib bo‘lmaydi.