Qozog‘istondagi avtobus halokatida '9 nafar o‘zbekistonlik hayotdan ko‘z yumgan'

Qarag‘anda viloyatida 2 avtobus va 2 yuk mashinasining to‘qnashuvi natijasida 11 kishi halok bo‘lgan, ulardan 9 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.

Olma-Ota-Ekaterinburg avtoyo‘lining 929 kilometrida yuz bergan hodisada yana 7 nafar o‘zbek fuqarolari jarohatlangan.

Chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan 17.40 da yuz bergan hodisada 2 ta "Kamaz" yuk mashinasi, ulardan yuittasi pritsepli bo‘lgan va 2 ta "Setra" rusumli yo‘lovchi avtobuslari to‘qnashgan.

O‘zbekistonliklar borayotgan avtobus va "Kamaz" butunlay yonib ketgan.

Ikkinchi "Kamaz" va avtobus hamda undagi yo‘lovchilarga zarar yetmagani aytiladi.

O‘zbekistonliklarning Rossiyaga ish izlab borayotgan mehnat muhojirlari ekani taxmin qilinmoqda.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, hozirda halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash jarayoni ketmoqda.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hozirda shifoxonaga yotqizilgan o‘zbekistonliklarning ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Ular: Nazarov B. 1955 y.t., Axmetov A.Z. 1981 y.t., Yerkav E.T. 1982 y.t., Po‘latov B.T. 1985 y.t. , Yusupov M.K. 1975 y.t., Yusupov M.A. 1985 y.t., Aminjonov M. 1947 y.t.

Jarohatlangan 7 o‘zbekistonlik Aqsu Ayuli qishlog‘idagi shifoxonaga keltirilgan. Shifoxonadagi manba‘larning Bi-bi-siga aytishicha, ularning ahvoli qoniqarli.

Halokat sababi qilib avtobus haydovchisining qarama qarshi yo‘lga chiqib ketgani aytilmoqda.

Bu kabi avtohalokatlar Qozog‘istonda tez tez uchrab turadi. Bundan ikki yarim oy muqaddam Jambil viloyatida ro‘y bergan avtahalokatda 20 kishi halok bo‘lgan va ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari ekanligi aytilgandi.

O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi Qozog‘iston yoki Rossiyaga ishlash uchun ketayotganda harakatlanish vositasi sifatida avtobuslarni tanlashadi.