Qirg‘izistonni tark etgan taniqli inson huquqlari faoli mamlakatga qaytdi

Tolekan Ismoilova
Image caption Tolekan Ismoilova: Mamlakat janubiga albatta boraman!

O‘sh va Jaloloboddagi etnik zo‘ravonliklar ortidan Qirg‘izistonni tark etgan inson huquqlari faollaridan biri mamlakatga qaytgan.

Fuqarolar Korruptsiyaga qarshi nodavlat tashkiloti rahbari Tolekan Ismoilova O‘sh qirg‘ini ortidan rasmiylarni tanqid qilgandi.

Keyinroq u o‘zining hayotiga xavf paydo bo‘lgani va po‘pisalar qilinganini aytib, Qirg‘izistondan chiqib ketgandi.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, hali hamon Qirg‘izistondagi milliy nizolarda ayblanayotgan odamlar va ularning himoyachilariga hujumlar bo‘lib turibdi.

Bi-bi-si shunday sharoitda Tolekan Ismoilovadan qay sabablar uni Qirg‘izistonga qaytishga undagan deb so‘ragan:

Tolekan Ismoilova: Saylov o‘tgandan keyin darhol qaytib kelishga allaqachon qaror qilganman, chunki saylovdan so‘ng Qirg‘iziston boshqacha bo‘lib o‘zgargan, hokimiyat qonuniy tarzda shakllanishi shart. Axir oldinroq referendum, mana endi parlament saylovi ham o‘tkazildi. Jinoiy doiralar bilan birgalashib faoliyat qilgan ba‘zi siyosatchilar, rahbarlar bugun xalq bosimi bilan yoki shaffoflik talab qilayotgan umumiy jamiyat bosimi bilan hokimiyatdan ketishga majbur bo‘lmoqda. Hamda, vatanimdan tashqarida yurgan vaqt men uchun qulay sharoit yaratilib, men ancha kuch to‘pladim va oldingi xavf-xatarlarga toqatliroq bilan munosabat qila boshladim. Ikkinchidan, xorijda men o‘z hamkorlarimiz bilan birga Barselona, Varshava, Parijda axborot anjumanlarini o‘tkazdim, Qirg‘izistonga qanday yordam kerakligini muhokama qilib, turli masalalar borasida fikrlar almashdik. Mana juma kuni direktorlar kengashi ham qaror qildi ya‘ni, bizning tashkilotimiz inson huquqlarini himoya qilish va tinchlikni o‘rnatish yo‘lida o‘z faoliyatini davom etaveradi...

Bi-bi-si: Siz o‘zingiz uchun xavfli bo‘lgan mamlakat janubiga yana bormoqchimisiz?

Tolekan Ismoilova: Albatta, boraman. Chunki, Qirg‘iziston butun davlat, biz-inson huquqlari himoyachilari Qirgizistonni ikki yoki besh hududga ajratgan emasmiz. Mustaqillikga erishilishi bilan biz ham, nodavlat faollar, Qirg‘izistonimizga butun mamlakat sifatida munosabat bildirib kelmoqdamiz. Turli hududlarda yashab, ishlayotgan insonlar ma‘lumot va boshqa zahiralardan teng huquqda foydalanishlariga imkon yaratilishi uchun harakat qilib kelganmiz. Bugun navbatdagi vazifamiz - inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga va huquq himoyachilari ahvolini monitor qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ayniqsa, mahkama jarayonlariga ishtirok etganlar uchun xavfsiz shart-sharoit yaratib, mazkur mahkamalar qonunga mos o‘tkazilishiga yordam berishni afzal ko‘ramiz.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124