Turkmanistonda yangi gaz quvuri ochildi

Turkmaniston Qoraqum sahrosidagi gaz zahiralarini Sho‘rolar davrida barpo etilgan "SATs" - "O‘rta Osiyo-Markaz" magistral gazoprovodiga yetkazuvchi yangi quvurni ishga tushirgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu quvurning ochilishi turman gazi eksporti kuchayishiga xizmat qiladi.

Turkmaniston Energetika va mineral zahiralar vazirligidagi manbalarning matbuotga aytishlaricha, ushbu qariyb 200 kilometrlik quvur orqali yiliga 3 milliard kub metr gaz yetkazish ko‘zda tutilgan.

Kelajakda gaz hajmi 5 milliard kub metrga oshirilishi mumkin.

Bu bilan Qoraqum sahrosidagi tabiiy gaz O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Rossiyaga boradigan "O‘rta Osiyo-Markaz" quvuriga yetkaziladi.

Rossiya uzoq vaqtdan beri turkman gazi asosiy xaridoridir. Ammo, asosan Rossiya quvurlari orqali jahon bozoriga gaz sotadigan Turkmaniston rahbariyati sharq, janub va g‘arbga eltadigan quvur yo‘nalishlariga katta qiziqish bildirib keladi.

Turmaniston Xitoy va Eronga boruvchi gaz quvurlari ham qurishni boshlagan.

Ayni paytda Turkmaniston Rossiyani chetlab o‘tuvchi "Nabukko" quvuri orqali Ovro‘poga gaz yetkazib berishi mumkin. Turkmaniston Prezidenti Gurbonguli Berdimuhamedov Ovro‘po Ittifoqining ushbu loyihasiga ishtirok etish niyatida ekanini ma‘lum qilgandi.

Yaqinda Turkmaniston va Afg‘oniston turkman gazini Pokiston va Hindistonga eltadigan gaz quvurini boshlash bo‘yicha kelishuv imzolaganlar.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124