Kanada Markaziy Osiyoda o‘ziga harbiy baza qidirmoqdami?

Image caption Kanada matbuoti Afg‘onistondagi amaliyotlar uchun ta‘minot yetkazish maqsadida Markaziy Osiyodan harbiy baza qidirilayotganligini xabar bermoqda.

Kanada matbuotining xabar berishicha, mamlakat Olmoniyaning O‘bekistondagi yoda AQShning Qirg‘izistondagi harbiy bazalaridan foydalanish imkonlarini qidirmoqda.

"Toronto sun" ro‘znomasida chop etilgan maqolaga ko‘ra, Kanada qurolli kuchlari shu vaqtagcha foydalanib kelgan Birlashgan Arab Amirliklaridagi harbiy bazadan shu oy oxiriga qadar chiqib ketishlari so‘ralgan.

Kanada endilikda Afg‘onistondagi amaliyotlarga ta‘minot yetkazish uchun boshqa harbiy bazaga muhtojdir.

Ro‘znomaga ko‘ra, Kanada mudofaa vazirligidagi o‘z ismini oshkor etishni istamagan yuqori lavozimli rasmiy harbiy baza sifatida ikki ehtimol, O‘zbekistondagi Termiz va Qirg‘izistondagi "Manas" harbiy bazalaridan foydalanib turish imkonlari ko‘rib chiqilayotganligini aytgan.

Mudofaa vaziri Piter Makkay esa Birlashgan Arab Amirliklaridagi harbiy baza o‘rniga boshqasini topish harakatlari ketayotgani, bu borada muzokaralar o‘tkazilayotganini aytdi, ammo aynan qaysi mamlakatlar nazarda tutilayotganligini ma‘lum qilmadi.

Kanadadagi Karlton Universitetining Josuslik va Xavfsizlik tadqiqotlari bo‘linmasi rahbari Jez Littlvudning aytishicha, hozirda Kanada zudlik bilan Dubay yaqinidagi harbiy bazaning o‘rnini qoplay oladigan baza topish ehtiyojiga egadir.

Unga ko‘ra, matbuotda O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalar nazarda tutilayotgani haqidagi xabarlarda mantiq bor, chunki birinchidan bu bazalardan birgalikda foydalanish Kanda uchun o‘zining eng yaqin ittifoqchilari AQSh va Olmoniya bilan birga ishlashini anglatadi.

Boshqa tomondan bu ikki mamlakatdagi bazalar Afg‘onistonga yaqin yerda, lekin mamlakatdan tashqarida joylashgan va Kanadaga kerak bo‘lgan texnik va boshqa imkoniyatlarni taqdim eta oladi.

"Qirg‘izistondagi beqaror vaziyat va O‘zbekiston rahbariyatining g‘arb davlatlari bilan birda iliq, birda sovuq munosabatlariga kelsak, bu kabi jihatlar Kanada rasmiylari tomonidan albatta nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak", deydi Jez Littlvud.

"Lekin Kanada Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini yaqin yillarda olib chiqish harakatida, shuning uchun Markaziy Osiyoda uzoq muddatli emas, shu yaqin muddatda foydalanib turish uchun baza qidirayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin shunga qaramay siyosiy vaziyat va inosn huquqlari kabi masalalar albatta nazarda tutiladi ", deya ilova qildi Jez Littlvud.