Tojikiston rasmiylari: "Mullo Abdullo Rashtda xalqaro terrorchilik jamlog‘ini tashkil etmoqchi".

Image caption Tojikiston rasmiylari sobiq dala qo‘mondonlaridan Mullo Abdulloning Rasht vodiysida xalqaro terrorchilik jamlog‘ini tashkil qilish harakatida bo‘lganligini da‘vo qilmoqdalar.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorovning aytishicha, birlashgan tojik muxolifatining taniqli sobiq dala qo‘mondonlaridan Mullo Abdullo Rasht vodiysida xalqaro terrorchilik jamlog‘ini tashkil etish rejasida bo‘lgan.

Bu haqda janob Qahhorov Dushanbeda bergan matbuot anjumani chog‘ida aytdi.

Tojikiston Ichki ishlar vaziriga ko‘ra, Mullo Abdullo laqabi bilan tanilgan Abdullo Rahimov aynan shu maqsad bilan Afg‘onistondan Tojikistonga o‘tgan.

Ammo janob Qahhorov Mullo Abdulloga jamloq tashkil etish buyrug‘ini kim berganligini ochiqlamadi.

Unga ko‘ra, hozirda Mullo Abdullo va Ali Bedaki laqabi ostidagi yana bir sobiq dala qo‘mondoni Aloviddin Davlatovlarning guruhlari Rasht vodiyosidan 100 chaqirim uzoqlikda joylashgan Kamarob darasida qurshab olingan. Vazirning aytishicha, har bir guruh taxminan 20 kishidan tashkil topgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirining aytishicha, Ali Bedaki Mullo Abdulloga bo‘ysinadi.

Vazir janoblariga ko‘ra, Mullo Abdulloga qarashli jangarilarning aksariyati Afg‘onistondan Tojikistonga o‘tib kelishgan.

Uning aytishicha, jangarilar Afg‘onistondan Tojikistonga kichik-kichik guruh bo‘lib o‘tgan bo‘lishlari mumkin, katta sondagi jangarilarning Tojikistonga o‘tganliklari kuzatilmagan.

Bundan bir oy avval Tojikiston chegarachilari Afg‘oniston bilan chegarada qirqqa yaqin jangari bilan jang olib borishgandi. Oqibatda jangarilarning yarmiga yaqini o‘ldirilgan. Tojikistonlik mas‘ullar ularning barchasi O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari ekanini aytgandi.

Tojikiston hukumati Mullo Abdulloni shu yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Kamarob darasida o‘z harbiylari karvoniga qarshi uyushtirilgan hujumlarda ayblaydi.

Hodisada o‘ttizga yaqin harbiylar qurbon bo‘lishgandi.

Mullo Abdullo 1990 yillra boshlaridan beri Birlashgan Tojik muxolifatining dala qo‘mondonlaridan biri bo‘lib kelgan va fuqaro urushi nihoyasida erishilgan Tinchlik bitimiga qo‘shilmagan.

Tojik rasmiylari uni shuningdek 1998 yili BMTning mamlakatdagi uch xodiminio‘ldirishda ayblab keladilar.

Shuningdek da‘vo qilinishicha, u 2000 yili Qirg‘iziston hududiga o‘tishga harkat qilgan, ammo chegara qo‘shinlari tomonidan yo‘li to‘silgan.

O‘sha yili Mullo Abdullo hukumat tomoni bilan muzokaralarga kirishib, qurolini tashlashgan rozi bo‘lgan. ammo ko‘p o‘tmay bitimni buzib, Afg‘onistonga o‘tib ketgan. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, 2009 yili bir guruh tarafdorlari bilan Tojikistonning Tavildara mintaqasiga qaytib o‘tgan.

Rasht vodiysidagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Tojikiston Ichki ishlar vaziri vaziyat butkul nazorat ostida ekanligini aytdi.

Unga ko‘ra, boshqa bir dala qo‘mondoni Mirzoxo‘ja Ahmadovga moyil o‘ttizga yaqin jangari tog‘dan tushib, hukumatga taslim bo‘lishgan.

Vazir janoblari amaliyotlarning 10 kundan keyin tugashiga umid qilayotganliklarini aytdi.

Bi-bi-sining Dushanbedagi muxbiri Iskandan Firuzga ko‘ra, amaliyotlar nihoyasiga yetib borayotganining boshqa belgilari ham ko‘zga tashlanadi. Ya‘ni Dushanbedan Rashtga ketuvchi yo‘ldagi nazorat nuqtalari soni jiddiy ravishda kamaygan.

Janglar esa, Rasht tuman markazidan ancha olis bo‘lgan tog‘lar bag‘rida olib borilayotgan bo‘lishi mumkin.