Afg‘on parlament saylovidagi bir milliondan ziyod ovoz yaroqsiz topilgan

Qallobliklar yoki boshqa qonunga zid amallar vaj qilib ko‘rsatilishi ortidan Afg‘onistondagi saylov mulozimlari sentyabr oyida o‘tgan parlament saylovlaridagi bir million 300 ming byulletenni yaroqsiz deb topgan.

Mamlakatda 18 sentyabr kuni ovoz berish o‘tkazilgan, unda qariyb besh million 600 ming saylovchi ishtirok etgan.

Rasman ro‘yxatga olingan saylovchilarning 40 foizchasi saylovda qatnashgani xabar qilingan.

Bekor qilingan byulletenlar jami ovozlarning taxminan choragini tashkil etadi.

Saylov kunida soxtagarchilikka qo‘l urgani da‘volari bilan 220 dan ziyod nomzod ustidan tekshirish boshlangan.

Ovoz berish natijalarini tekshirayotgan guruhning o‘z ishini shu oy oxirigacha davom ettirishlari ma‘lum qilingan.

Shundan so‘ng yakuniy natijalar e‘lon qilinadi.

Afg‘onistondagi Mustaqil Saylov komissiyasi mulozimi Fozil Ahmad Ma‘naviyning aytishicha, ovoz berishda 5 million 600 ming atrofida saylovchi qatnashgan bo‘lsa, byulletenlarning 4265347 tasi yaroqli, qariyb 1300000 tasi yaroqsiz deb topilgan.

Ayni paytda BMT dastagidagi Afg‘on Saylov shikoyatlari komissiyasi 4000 dan ziyod rasmiy shikoyatlarni o‘rganishga kirishgan.

Bu yilgi parlament saylovlari Afg‘onistonga AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar kiritilganidan keyin o‘tkazilgan ikkinchi parlament saylovlari bo‘ldi.

Mamlakat parlamentining quyi palatasi - Ulusi Jirgadagi 249 o‘rin uchun 2500 dan ortiq nomzod kurashga kirishdi.

Parlament o‘rinlarining 68 tasi xotin-qizlarga mo‘ljallangan.

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, ushbu parlament saylovlari Afg‘onistondagi siyosiy tizim uchun o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlaridan keyingi jiddiy sinov bo‘ldi.

Prezidentlik saylovlarida ham 1,5 million byulleten soxta deb topilgan, soxta ovozlarning choragi Hamid Karzayni yoqlagani aniqlangan edi.