Venada Qozog‘istondagi o‘zbek qochqinlari himoyasiga piket.

Image caption Venadagi piket qatnashchilari Qozog‘iston hibsxonasida ushlab turilgan o‘zbek qochqinlarining ekstarditsiya qilmaslikni talab qilmoqdalar.

Venada Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining anjumani bo‘lib o‘tayotgan bino o‘ngida Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi Qozog‘istondagi o‘zbek qochqinlarining ekstraditsiyasiga qarshi piket o‘tkaza boshladi.

Piket qatnashchilaridan birining Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, ular Olma Ota shahri hibsxonasida ushlab turilgan 29 nafar o‘zbekistonlik qochqinning taqdiriga anjuman qatnashchilari e‘tiborini tortmoqchilar va ayni vaqtda Qozog‘iston rasmiylariga xalqaro hamjamiyat o‘ngida olgan majburiyatlarini eslatib qo‘ymoqchilar.

Piketchilarga ko‘ra, qochqinlarni O‘zbekiston kabi qiynoqlar qo‘llovchi, deya ko‘rilgan davlatga chiqarib yuborish harakatlari ularni xavotirga solmoqda.

Piket ishtirokchilarining aksari o‘zlari O‘zbekiston qamoqxonalarida siyosiy ayblar bilan o‘tirib chiqqan va qiynoqlarni shasxan o‘zlari boshdan kechirib, guvoh bo‘lgan shasxlardir.

"Biz Olma Otadagi hibsxonda o‘tirgan boshpana izlovchilarning ham boshlariga shunday kunlar tushishini xohlamaymiz, shuning uchun bu piketga bel bog‘ladik", dedi piket qatnashchilaridan biri Ahmad Iso.

Bir necha yildan buyon Qozog‘iston hududida yashab kelgan o‘zbekistonliklarning aksariga avval BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan "boshpana izlovchi" maqomi berilgandi.

Ammo yaqinda bu kabi vakolat Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga o‘tkazilishi ortidan o‘tgan iyun oyida Olma ota shahrida 45 nafar qochqin hibsga olingan.

Keyinchalik Olma Ota shahar prokuraturasi ularning 29 nafariga nisbatan O‘zbekistonga ekstarditsiya qilish qarorini chiqargan.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston Bosh prokuraturasining talablarini tekshirib chiqib, o‘rinli deb topganliklari, O‘zbekiston tomoni lozim dalillar bilan ta‘minlagani va Minsk shartnomasi asosida ularni ortga ekstraditsiya etish uchun hibsga olinganliklarini aytgan.

O‘zbekistonlik qochqinlarni ekstraditsiya qilmaslikni talab qilgan piket va namoyishlar shu vaqtgacha Ovro‘poning bir qator boshqa mamlakatlarida ham bo‘lib o‘tgan.