Orol dengizi taqdiri Bryusselda ko‘rildi, ammo amalda nimalar o‘zgardi?

Ovro‘po Parlamenti Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda Bryusselda Orol taqdiri masalasini muhokama etgan.

Yig‘inda Birlashgan Millatlarning bir qator yuqori martabali mulozimlari, Ovro‘po Hay‘atining maxsus komissari va Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Pьer Morelь ham ishtirok etishgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida joylashgan Orol dengizining bugungi holati dunyodagi eng yomon ekologik halokatlardan biri sifatida baho topgan.

Orol dengizi bugunga kelib asl hajmining 75 foizini yo‘qotgan.

Bunga paxta yetishtirishni ko‘paytirish uchun Orol dengiziga quyiluvchi Amudaryo va Sirdaryo suvlarining sun‘iy kanallar orqali burib yuborilishi va dengizning uzoq yillar davomida pestitsidlardan zaharlanishi sabab bo‘lgani aytiladi.

Yig‘inda ishtirok etgan O‘zbekiston hay‘atining aytishicha, Orol dengizini saqlab qolish uchun o‘tgan 10 yil davomida 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflashgan.

O‘zbekiston matbuotida chop etilgan xabarlarga ko‘ra, Orol dengizi mumammosi Markaziy Osiyodagi suv va energiya zaxiralaridan oqilona foydalanishga bevosita bog‘liqdir.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, Birlashgan Millatlar homiyligi ostida Qambar-Ota va Rog‘un doxil chegaraosha daryolarda qurilgan va qurilayotgan barcha loyihalar yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazilmog‘i shart ekani aytilgan.

Xalqaro yig‘in tashabbuskori bo‘lgan va OXHTiga raislik qilayotgan Qozog‘istonning aytishicha, o‘z vakolatining yakuniga qadar Orol masalasini kun tartibidan tashlab qo‘ymoqchi emas.

Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, shu yilning dekabr oyida Orol dengizi muammolariga bag‘ishlab, donor davlatlarning xalqaro anjumanini o‘tkazishni ham rejalashmoqda.

Qozog‘iston Orol dengizining o‘z hududidagi kichikroq qismini Jahon Bankining ko‘magi bilan kelasi yarim asr ichida asl holiga qaytarish harakatida.

Biz O‘zbekiston tomonining tashabbuslari qanchalik ish berayotganini bilish uchun qozog‘istonlik ekolog Aleksey Goncharovga murojaat qildik:

Aleksey Goncharov: To‘g‘risini aytsam, O‘zbekistonning tashabbuslari borasida juda oz ma‘lumotga egaman. Chunki matbuotda bu bu borada deyarli hech narsa chop etilmaydi. Qozog‘istonning Sirdaryo bo‘ylab gidro inshootlarni ta‘mirlash, ayniqsa, qish vaqtida kichik Orolga suv o‘tkazish hajmini ko‘paytirishi bu ko‘zga ko‘rinarli ishlardir. Boz ustiga ushbu ishlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistondan farqli ravishda kam mablag‘ sarflanganligi ham ahamiyatlidir. Agar xotiram pand bermasa, Qozoiston 700 million dollar atrofida mablag‘ sarflagan. O‘zbekistonning bir milliard dollardan ortiq mablag‘i qayerga ketganini tasavvurimga ham sig‘dirolmayman. Chunki katta Orolning qurish jarayoni qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha davom etmoqda. Ammo O‘zbekistonning bu borada hech narsa qila olmasligi tabiiy hamdir. Suvning kam kelishiga sabab Turkmanistonning Qoraqum kanalidir. Katta Orol qurishining sababi Qoraqum kanaliga borib taqaladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ni qayerga sarflaganini tasavvur qila olmayman.

Bi-bi-si: O‘z navbatida siz Qozog‘istonning kamroq pul sarflaganini aytmoqdasiz. Shu bilan ham Qozog‘iston kichik Orolni saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Buning siri nimada deb o‘ylaysiz?

Aleksey Goncharov: Birinchidan, kichik Orolning hajmi katta Orolga qaraganda ancha kichik. Agar katta Orolda yaqinda 60 kub chaqirim suv bo‘lgan bo‘lsa, kichik Orolda esa Qirg‘izistondagi To‘qtagul suv ombori bilan deyarli bir xil - 25 kub chaqirim suv bor. Shuning uchun ham Qozog‘istonga bir muncha osonlik tug‘dirdi ushbu ko‘lam. Ikkinchidan, Sirdaryoning Orolga borayotgan bir yillik oqimi taxminan 13 kub chaqirimni tashkil qiladi. Amudaryo esa, Dneprga o‘xshash yirik daryolar kabi 50 kub chaqirim suvga ega.

Bi-bi-si: Biroq Amudaryo shunchalik katta bo‘lsa-da, uning suvi nima uchun Orolga yetib bormayapti?

Aleksey Goncharov: Sababi bitta, u ham bo‘lsa, Turkmanistonning Qoraqum kanali. Menimcha, hozir Turkmanboshi deb atalsa kerak. Ushbu kanal qurilganda Orol qurishni boshladi. Ana shu kanal Orolni quritdi. Chunki u suvning asosiy qismini oladi. Agar xotiram pand bermasa, 40 kub chaqirimdan ko‘proq suvni tortib oladi. Amudaryoning 4 dan 3 qismini oladi. Qadimiy Xorazm vohasidagi dehqonlar uchun esa 4 dan bir qismi qolayapti.

Aleksey Goncharov: Orolni saqlab qolishga umid bormi?

Bi-bi-si: Orolni saqlab qolishning faqat bir yo‘li bor. Markaziy Osining suvi o‘rtacha 150 million odamga yetadi. Hozirda bu mintaqada aholi ancha kam yashaydi, ammo suv yetishmayapti. Chunki suvni tejash texnologiyalari ishlatilmayapti. Sug‘orish tizimlari qadimiyligicha qolmoqda, juda ham ko‘p suv yerga singib ketmoqda. Ya‘ni biz suvni shunchaki yo‘qotayapmiz. Allaqachon janubiy Qozog‘istonda qo‘llanila boshlagan tomchilab sug‘orish kabi hamma yerga suvni tejaydigan texnologiyalar kiritilishi kerak. O‘shanda suv hammaga, odamlarga ham, o‘simliklar va Orolga ham yetadi. Ammo buning uchun dehqonning psixologiyasini o‘zgartirish va ushbu yangi texnologiyalarga mablag‘ ajratish zarur.