'Etnik nizolarda ayblanayotganlar himoyachilari himoya qilinsin'

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda iyun oyidagi etnik nizolarga aloqadorlikda ayblanayotganlar himoyachilarining himoyasi ta‘minlanishi talabi bilan norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi binosi yaqinida uyushtirilgan norozilik aktsiyasida qator mahalliy inson huquqlari faollari va himoyachilar ishtirok etishmoqda.

Namoyishchilar "Har kim himoya etilishga haqli", "Himoyachilarni himoya eting!", "Himoyachilarning xavfsizliklari ta‘minlansin" va "Himoyachi - adolatli mahkamaning tayanchi," degan shiorlarni ko‘tarib olishgan.

Ishtirokchilardan birining aytishicha, norozilik aktsiyasidan maqsad - mas‘ullarni Qirg‘iziston janubidagi etnik nizolar yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan mahkamalarda ishtirok etayotgan himoyachilarning himoyasini ta‘minlashga undashdir.

"To‘g‘ri, milliy nizolar chog‘ida odamlar o‘z yaqinlarini yo‘qotishdi. Biroq bu ularga himoyachilarga bosim o‘tkazish yoki ularni hujumga tutish huquqini bermaydi. Mas‘ullarning bu masalada biror bir chora ko‘rmayotganliklari nihoyatda tashvishlanarlidir," deydi namoyishchilardan biri.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasining bayon qilishicha esa, bu kabi mahkama jarayonlarida sudlanuvchilar, ularning himoyachilari va hakamlarning xavfsizliklarini ta‘minlash uchun yetarlicha choralarga qo‘l urilgan. Va bu xususdagi har qanday xavotir va talablarni jiddiy o‘rganib chiqib, lozim choralarni ko‘rishga hozirdirlar.

O‘tgan hafta inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi qator xalqaro tashkilotlar maxsus bayonot bilan chiqib, Qirg‘iziston janubida borayotgan mahkama jarayonlaridan o‘z xavotirlarini izhor etishgandi.

Jumladan, "Xьyuman Rayts Votch" tashkiloti janubiy Qirg‘izistonda iyun oyidagi etnik nizolar bilan aloqadorlikda mahkamaga tortilayotganlarning yaqinlariga uyushtirilayotgan hujumlar ayblanuvchilarni adolatli mahkamadan mahkum etishi va adolatni qaror toptirishni qiyinlashtirishini aytgandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, qurbonlarning g‘azabnok yaqinlari mahkama arafasi va ortidan ayblanuvchilar, ularning yaqinlari, himoyachilar, jurnalistlar, mustaqil kuzatuvchilar va hatto, hakamlarning o‘zlariga ham po‘pisa qilib, ularni hujumga tutishmoqda.

Hujumga tutilayotganlar aksariyatining o‘zbeklar ekani aytiladi.

Qirg‘iz mas‘ullari iyun oyidagi zo‘ravonliklar yuzasidan 4 mingdan ortiq jinoiy ish ochishgan va mahkama jarayonlari avgust oyidan buyon davom etib keladi.

Qirg‘izistonlik himoyachilarning himoyasiga qaratilgan shunga o‘xshash norozilik aktsiyasining bugun iyun oyidagi etnik nizolardan jiddiy jabr ko‘rgan janubiy O‘sh shahrida ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.