Pьer Morelь: 'Qirg‘iziston janubidagi vaziyat OXHT kuchlari faoliyati uchun maqbuldek'

Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Pьer Morelning aytishicha, Qirg‘iziston janubidagi vaziyat Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining xavfsizlik kuchlari o‘z faoliyatlarini boshlashlari darajasida barqarordir.

Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar bergan.

Vazirlik matbuot xizmatining bildirishicha, janob Morelь ushbu masalani Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan uchrashuvi chog‘ida ko‘targan.

Ovro‘po Ittifoqining maxsus vakili Qirg‘izistonda parlament saylovlari o‘tib bo‘lgani va mamlakat janubidagi vaziyat OXHTi xavfsizlik kuchlari o‘z faoliyatlarini boshlashlari darajasida osoyishta ekanini aytgan.

Oddiy aholi, jumladan, o‘zbeklar iyun oyidagi qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston janubidagi hozirgi vaziyatni qanday baholashadi? O‘shlik suhbatdoshimiz bilan shu xususdagi suhbatimizni bu yerda tinglashingiz mumkin:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti 2002 yildan buyon Qirg‘izistondagi huquq-tartibot idoralarini isloh etish masalasida o‘z dastagini ko‘rsatib keladi.

Janob Morelga ko‘ra, xalqaro tashkilotning politsiya maslahatchilari Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlariga mamlakat janubida tinchlik o‘rnatish va aholining ishonchini qayta qozonishlariga ko‘mak berishlari mumkin.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri, o‘z navbatida, janob Morelni ubu masala qirg‘iz hukumatining kun tartibida ekaniga ishontirishga uringan.

Janob Kazakbayev OXHTi Politsiya Maslahatchilar Guruhi masalasi Qirg‘izistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga qarab, ko‘rib chiqilishini aytgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti iyul oyida Qirg‘iziston janubiga jo‘natilajak politsiya guruhi rahbari etib shvetsiyalik Nut Dreyyerni tayinlagandi.

Nut Dreyyer 2007-2008 yillarda Qirg‘iziston militsiyasini isloh qilish amaliyotlarida maslahatchi bo‘lib faoliyat olib borgan.

Ammo...

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tinboyeva 52 kishilik xorijiy politsiya kuchlarining iyun oyidagi etnik nizolardan jiddiy jabr ko‘rgan janubiy O‘sh va Jalol-Obod shaharlarida avgust oyining o‘rtalarida ish boshlashlariga umid qilgandi.

Ammo iyul oyi oxirlarida O‘sh shahar kengashi a‘zolari Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining politsiya maslahat kuchlarining kiritilishiga qarshi ovoz berishgandi.

Shu vaqtgacha O‘shda xalqaro politsiyachilarning kiritilishiga qarshi qator namoyishlar ham bo‘lib o‘tgan.

Qirg‘izistondagi o‘nlab yoshlar tashkilotlari ham prezident Roza O‘tinboyevaning ushbu qaroriga norozilik bildirib, yagona harakatga birlashishgan.

Ularning aytishlaricha, OXHT politsiya kuchlarining safarbar etilishini ma‘qullash qarori bilan prezident Roza O‘tinboyeva o‘z vakolatini suiiste‘mol qilgan.

Yoshlar tashkilotlari agar o‘z talablari inobatga olinmasa, xorijiy kuchlarni O‘shga kiritmaslik bilan ham po‘pisa qilishgandi.

Ular O‘shdagi strategik jihatdan muhim avto-trassani yopib qo‘yish va shahar aeroportini qamal qilishgacha borishlari mumkinligini aytishgandi.

Va agar shunda ham OXHT kuchlari shaharga safarbar etilishsa, faoliyatlariga to‘sqinlik qilinishi va ularning xavfsizliklarini ham hech kim kafolatlay olmasligi bilan tahdid etishgandi.

O‘sh shahrining o‘zida esa, yoshlar tashkilotlari OXHTi politsiya kuchlarining yuborilishiga qarshi maxsus idoralar ham tashkil etishgandi.

O‘sh shahar kengashi deputatlarining OXHT qurolsiz politsiyachilarini joylashtirishga qarshi chiqargan qaroriga munosabat bildirarkan, xalqaro tashkilot vakili bu borada Qirg‘iziston markaziy hukumati bilan hamkorlikda ishlayotganlarini aytgandi.

Shu yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy mintaqalarida kelib chiqqan etnik nizolarda yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, minglab kishilarga tan jarohati yetgan va yuz minglab kishilar boshpanasiz qolishgandi.

Mahalliy aholi milliy nizolardan uch oy o‘tib ham Qirg‘iziston janubidagi vaziyat hanuz beqarorligicha qolayotganini aytadi.