Qorasuv militsiyasi boshlig‘ini o‘ldirishda ayblanganlar ustidan hukm e‘lon qilindi

Image caption Iyun oyidagi xunrezliklar ortidan aksar narimonliklar hibsga olingan

O‘sh shahrida Qorasuv tuman militsiyasi rahbari va uning haydovchisini o‘ldirishda ayblangan o‘n kishi ustidan mahkama qarori chiqarildi.

Besh kishi bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qorasuv tuman mahkamasining ko‘chma majlisi O‘sh viloyati markazida o‘tkazilgan.

19 oktyabrda boshlangan mahkamada o‘n kishiga Qirg‘iziston jinoyat kodeksining qator bandlari bo‘yicha ayb qo‘yilgan.

Ayblanuvchilarga shu yilning 13 iyun kuni Qorasuv tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbari Adilbek Sultanov va uning haydovchisi Uran Shamurzayevni o‘ldirish aybi qo‘yilgan.

Mahkama hukmiga ko‘ra, polkovnik Adilbek Sultanov o‘ldirib yoqib yuborilgan, Uran Shamurzayevning boshi tanasidan judo qilinib, jasadlar daryoga oqizib yuborilgan.

Militsiya xodimlarining iyun oyidagi zo‘ravonliklar payti asosan o‘zbeklar istiqomat qiladigan Narimon qishlog‘iga borishgani va narimonliklar ushbu qotilliklarni sodir etgani xabar qilingan.

Ko‘chma Qorasuv mahkamasi ayblanuvchilardan besh nafarini bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgan.

Qolganlarga sakkiz, besh, to‘rt va bir yillik qamoq jazolari belgilangan.

Ayblanuvichlardan birining ruhiy xasta yoki yo‘qligini tekshirishga qaror qilingan.

Mahkama hukmidan o‘ldirilgan shaxslar qarindoshlari o‘z noroziliklarini izhor etganlar, ularga ko‘ra, ayblanuvchilar jinoyatlariga yarasha jazo olmagan.

Biroq ayblanuvchilar himoyachilari ham mahkama qaroriga e‘tiroz bildirganlar.

Advokatlar mahkamaga tortilganlarning qotillikni sodir etgani haqidagi iqrorlari qiynoqlar vositasida olingan, biroq mahkama hay‘ati buni inobatga olmagan.

Ayblanuvchilar himoyachilari ham, halok bo‘lgan shaxslarning yaqinlari ham mahkama qarori ustidan appelyatsiya arizasi yozishlarini aytishgan.

Shu yil iyun oyidagi qonli hodisalar ortidan Qirg‘iziston janubida aksari o‘zbeklar ayblanuvchi deb ko‘rilgan mahkamalar boshlangan, bu mahkamalarda jabrlanuvchi taraf vakillari sifatida qatnashgan qirg‘iz millatiga mansub kishilar ayblanuvchilar va ularning yaqinlariga hujumlar qilib tan jarohatlari yetkazgan.

Xalqaro tashkilotlar Qirg‘iz huquq-tartibot organlari mahkama binolari ichkarisi va tashqarsidagi zo‘ravonliklar oldini olmaganlikda aybladilar.

Inson huquqlari tashkilotlari xunrezliklar ortidan Narimon qishlog‘ida o‘tkazilgan reydlarni qoralagan edilar.

Qirg‘iz maxsus kuchlari Narimonda olib borgan amaliyot chog‘ida ikki narimonlik o‘zbek otib o‘ldirilgan.