Qirg‘izistonda parlament saylovi natijalari e‘lon qilindi

O'sh
Image caption Saylovlar 10-oktyabrda bo‘lib o‘tgandi

Qirg‘iziston uzoq kutilgan parlament saylovlari natijalarini e‘lon qilgan. Bu bilan mamlakatda yangi ittifoqchi hukumat tuzish imkoniyati yaratilgan.

Parlament saylovlari 10-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgandi.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Aqilbek Sariyevga ko‘ra, 5ta partiya parlamentdan o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, ammo ularning hech qaysilari talab qilingan ko‘pchilik ovozga ega bo‘lolmagan.

Hukumatparast ikki partiya-"Ata-Meken" va "Sotsial-demokratik partiya" va uchta muxolif partiya-"Ar-Namis", "Ata-Jurt" va "Respublika" Oliy Kengashga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Eng ko‘p o‘rinlar "Ata-Jurt" (28ta) va "Sotsial-demokratik partiya" (26 ta)ga nasib etgan. Kremlparast "Ar-Namis" partiyasi 25, "Respublika", 23, "Ata-Mekin", 18 o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Parlamentga o‘tmay kolgan "Butun Kirgiziston" partiyasi natijalarni noto‘g‘ri va umuman saylovni noqonuniy deya ta‘riflagan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, parlament saylovida 1 yarim milliondan ortiq kishi, ya‘ni saylovchilarning 55 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etgan.

Natijalarni e‘lon qilish kechikishi Markaziy Osiyoda ilk parlament boshqaruvini qaror toptirishga hozirlanayotgan Qirg‘izistonda yangi zo‘ravonliklarga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirlarni uyg‘otgandi.

Iyun oyida Qirg‘iziston janubida kechgan bir necha kunlik milliy nizolar yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgandi. Zo‘ravon to‘qnashuvlar sabab minglab kishilar o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.