O‘zbekiston Tojikiston bilan chegara o‘tish nuqtasini yopayotganini bildirgan

Tojik-uzbek chegarasi
Image caption Tojikiston va O‘zbekistonni hozirga qadar 16ta chegara kesish nuqtasi bog‘lab turgan va bugun ularning soni bittaga kamaygan.

Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston 1 noyabrdan boshlab Tojikiston bilan o‘rtadagi Jartepa chegara o‘tish nuqtasini yopayotganini ma‘lum qilgan.

Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mitasi matbuot kotibi Xushnud Raxmatullovning aytishicha, O‘zbekiston bu haqda Tojikiston tarafiga bildirishnoma yo‘llagan, ammo ushbu qarorning olinishiga oid sabablar tushuntirilmagan.

"Ular Panjikent bilan bog‘laydigan chegara o‘tish nuqtasini 1 noyabrdan boshlab yopishlari hakida maktub bilan chiqdilar. Lekin, sabablari hali aniq emas", deydi Xushnud Raxmatulloyev.

Nomada Zarafshon vodiysidagi Tojikistonning Sarazm aholi punktini Samarqand viloyatining Jartepasi bilan bog‘lovchi hududda joylashgan chegara kesish nuqtasidan fuqarolar va yuklarni o‘tkazish to‘xtatilishi aytilgan.

Xullas, Tojikiston va O‘zbekistonni hozirga qadar 16ta chegara kesish nuqtasi bog‘lab turgan va bugun ularning soni bittaga kamaygan.

Ayrimlarga ko‘ra, vaziyat shunday davom etsa, asta-sekin boshqa chegara o‘tish nuqtalari ham yopilishi ehtimoldan holi emas.

Jartepa chegara o‘tish nuqtasining yopilishi aynan shu yerdan kesib o‘tgan bir necha panjikentlik ayolning Samarqanddagi hibsda saqlanayotgani haqida xabarlar tarqalayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan chegara o‘tish nuqtlarida hatto vizasi bo‘lgan yo‘lovchilarga ham safari sababi shoshilinch ekanligini tasdiqlovchi telegramma ko‘rsatish shart qilib qo‘yilgan tartib o‘rnatilgan.

Bu tartibni birinchi bo‘lib O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda poliomiyelit tarqala boshlagan paytda Tojikiston fuqarolari uchun joriy qilgandi.

Bunga javoban Tojikiston ham xuddi shu usulda ishlashga o‘tgan. O‘zbek chegarachilariga kasallik allaqachonlar tugaganligini eslatsangiz, "vaziyat kasallikdan ham og‘irlashgan", deya Tojikistonda so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘layotgan notinchliklarga ishora qilishadi.tajik border