Prezidentning farzandi "vitse" bo‘lsa ham, baribir prezident...

Image caption Rustam Rahmonning lavozimlari ro‘yxati kengaymoqda

Tojikiston Prezidentining o‘g‘li mamlakat Futbol Federatsiyasining vitse-prezidenti etib tayinlanishi bilan ayrim kuzatuvchilar Rustam Rahmonning hozirgacha egallab kelgan va egallayotgan lavozimlarini sanashga tushdilar.

"Deputat", "direktor", "rahbar" kabi zalvorli so‘zlardan ko‘ra, harna " vitse"si bo‘lsa ham, "prezident" degan so‘z qudratliroq jaranglaydi.

"Yaxshi niyat yarim davlat" degan maqol ham bor.

Xullas, Tojikiston Prezidentning 22 yashar o‘g‘li Rustam Rahmon mamlakat Futbol Federatsiyasining vitse-prezident etib tayinlandi.

Rustam Davlat mulk va sarmoya qo‘mitasida ham rahbarlik kursilaridan birini egallagan.

Dushanbe shahar kengashida deputat.

O‘z otasining partiyasida yoshlar masalalari bo‘yicha ma‘sullardan biri...

Mamlakatning "Istiqlol" atalmish futbol jamoasida to‘p surish bilan birga, xabarlarga ko‘ra, ana shu jamoaning homiysi hamdir.

Shuncha lavozimu ma‘suliyat endigina yigirmani hatlagan yigitni charchatib qo‘ymasmikan degan istihola qanchalik o‘rinli bo‘lishi mumkin, buni bilmadim, ammo bilganim sharqona "an‘analar" tobora ildiz otayotgan Markaziy Osiyoning hech bir "istonida" bugun arboblarning bosgan qadamini o‘lchab turish orzu ham qilib bo‘lmaydigan amaldir.

Bir tomondan arboblarning farzandlari ham arbob bo‘lishga intilayotganida hech bir qusur yo‘qday ko‘rinadi.

Hofizlar, o‘qituvchilar, olimlar va hatto qassoblar sulolalari borligini bilamiz.

Unda gap nimada?

Gap yana "an‘analar"da... Hech kim katta kichik arboblarning farzandlarini "imtihon" qilishga botinmaydi.

Tasavvur qiling, hofiz Sherali Jo‘rayevning farzandi Shohjahon iqtidorsiz bo‘lsa, rubob chalishni, kuylashni bilmasa nima bo‘lar edi?

Qassobning farzandi ishini halol bajarolmasa-chi?

Ikkalasining ham bozori kasodga uchrashi tabiiy...

Arboblarning farzandlari o‘zini "o‘tga cho‘qqa " urib qolsa-chi?

Sanamaymizmi o‘sha "o‘tga cho‘qqa" muvaffaqiyatsiz va yo o‘rtamiyona urilishlaru urinishlarni?

1. To‘p surish

2. Maslahatchilik

3. Prezidentlikni orzusi

4. Qo‘shiq " kuylash"

5. Zeb ziynat bezash

6. Shoirlik da‘vosi

7. Mehribon "homiylik"

8. Modellik

9. "Maza" mamlakatlarga elchilik

10. Biznesmenu vumenlik

11............

Bu ro‘yxatni hali ancha davom ettirish mumkin, shunday emasmi? Shimoliy Koreyadagi arbobu arbobzodalarning xalq bilan "muttasil muhabbat" tarixiga nazar tashlasangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz. Butun bir mamlakat fuqarolari o‘z oliy rahbarini shunaqa ham sevadiki, shunaqa ham sevadiki ta‘rifga til ojiz. Aslida o‘zimizning "iston"larimizda ham vaziyat tubdan farq qiladigan emas.

Boyagi gap shunda ediki, Prezidentning farzandi to‘p suraman deb qo‘shni mamlakat jamoasi bilan kurashda darvozasiga besh oltita golni qarsillatib soldirib qo‘ysa, hech qursa qo‘shni mamlakatdagilar " ey o‘rgildim" deb og‘zida masxara qilishi, vatandagilar esa " oyog‘ing sinsin" deb ichida og‘rinishi mumkin...

Qo‘shiq kuylayman deb yigirmata iqtidorli ovoz sozlovchini yiqqanida ham to‘yda xizmat qilolmasligiga o‘zi alal oqibat amin bo‘lishi ham bor gapda...

Shoirlikniku gapirmaylik, ayniqsa bu "she‘rlar"ni "salfetkalar" va boshqa qog‘ozga o‘xshamagan qog‘ozlarga yozib qoldirish odati bo‘lsa... bu ham bir erkalik, o‘tib ketadigan erkalik.

Lekin... prezident bo‘laman deb qolsa -chi! Otam prezident, otam xo‘jayin, man ham xo‘jayin bo‘laman deb xarxasha qilsa-chi?

Unda nima qilamiz?

Saylov deganlari "istonlar"dagi arboblar uchun har besh - olti yilda bir g‘arbdagilarning yoqimsiz tanqidlariga uch-to‘rt kun chidab berish, xalq uchun esa bema‘ni, ammo "chiroq o‘chmaydigan" kundan boshqa hech narsani anglatmasa, bir o‘ylang, nima qilish mumkin?

Ehtimol, hech narsa qilmaslik kerakdir? Axir, arbob bo‘lish uchun shirali ovoz, qattiq to‘p tepish ( shunisiga amin emasman ) va yo she‘r yozish shart qilib qo‘yilmagan...

Arboblik iqtidorini qanday o‘lchaymiz? Siz nima deysiz?