Avvalroq Iqtisodiyot vaziri ketgandi, endi 'O‘ztransgaz' rahbari o‘zgardi

O‘zbekiston hukumat doiralariga yaqin Uzmetronom.com veb sahifasining xabar berishicha, prezident Islom Karimov farmoni bilan "O‘ztransgaz" hissadorlik shirkati bosh rahbari o‘zgartirilgan. Shirkatning yangi rahbari etib To‘lagan Jo‘rayev tayinlangan.

To‘lagan Jo‘rayevning yangi lavozimga tayinlangunga qadar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining bosh muhandisi bo‘lib ishlagani aytiladi.

"O‘ztransgaz" hissadorlik shirkatining avvalgi bosh rahbari Irkin Vagapov sentyabr oyida hibsga olingandi.

Bunga shirkatning yaqin-yaqingacha eng nufuzli deb bilingan, gaz ishlab chiqarish, qayta ishlash va tashish ishlari bilan shug‘ullanib kelgan xorijiy kompaniya bilan o‘zaro oldi-berdilari sabab bo‘lganiga oid taxminlar yangragandi.

Uzmetronom.com saytining ta‘kidlashicha, To‘lagan Jo‘rayevning nomzodi ushbu lavozimga shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan.

Sayt, shuningdek, O‘zbekistonda boshqa yuqori martabali hukumat mulozimlarining almashinuvi ham kutilayotganini ma‘lum qilgan.

Yaqinda prezident Karimov farmoni bilan mamlakat Iqtisodiët vaziri Sunnatillo Bekenov ham o‘z vazifasidan bo‘shatilib, uning o‘rniga Moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Ravshan G‘ulomov tayinlangandi.

Rasmiy raqamlarda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish darajasi 8 foizdan ortiqroqni tashkil etishi aytilayotgan bir paytda Iqtisodiyot vazirining ishdan chetlatilishi ko‘pchilikni hayratga solgandi.

"O‘zbekneftegaz" milliy xolding shirkati tarkibiga kiruvchi "O‘ztransgaz" asosan tabiiy gazni tashish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Xo‘sh, O‘zbekistondagi so‘nggi kadrlar o‘zgarishi nimadan dalolat beradi? Biz ushbu savol bilan o‘zbekistonlik sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди