Tojikiston beqaror Rasht vodiysidan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagan

Tojikistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari beqaror sharqiy Rasht vodiysidan bosqichma-bosqich olib chiqilmoqda.

Tojikiston xavfsizlik kuchlari qariyb ikki oydan beri mintaqadan boshpana topgan noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi jang olib borishayotgandi.

Ularning harbiy amaliyotlari birlashgan tojik muxolifatining qator sobiq dala qo‘mondonlari va ularning jangarilarini yo‘q etishga qaratilgan.

Tojik hukumati ularni o‘tgan sentyabr oyida Kamarob darasida hukumat askarlari karvoniga qarshi uyushtirilgan hujumda mas‘ul, deb biladi.

Ushbu hodisada o‘nlab harbiylarning qurbon bo‘lganliklari xabar berilgandi.

Tojikiston xavfsizlik xizmatlaridagi manba‘ning aytishicha, hozirliklariga favqulodda ehtiyoj qolmagani uchun bir qism harbiylar hozir doimiy manzillariga qaytarilmoqda.

Hukumat kuchlarining 22 sentyabrda boshlangan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlariga katta sondagi askarlarning jalb etilganliklari aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, harbiy amaliyotlari bugunga kelib o‘zining poyoniga yetib qolgan va omon qolgan jangarilar tez orada mahv etiladi.

Harbiylar joriy paytda hukumatga qarshi jang olib borayotgan sobiq dala qo‘mondonlari Mullo Abdullo va Ali Bedakiy boshchiligidagi qurolli guruh a‘zolarini Kamarob darasida butkul qurshab olganliklari, ularning taslim bo‘lish yoki halok bo‘lishdan boshqa imkonlari qolmaganini ham aytishmoqda.

Avvalroq Tojikiston Birlashgan muxolifatining ikki taniqli sobiq dala qo‘mondoni - Mirzoxo‘ja Ahmadov va Mullo Sadriddin avf va jinoiy javobgarlikdan butkul xalos etilish evaziga qo‘llaridan qurollarini qo‘yishga rozi bo‘lishgani xabar berilgandi.

Tojik hukumati kechayotgan janglarda 40 dan ortiq harbiysini boy berganligi, biroq o‘nlab jangarilarni o‘ldirib, hibsga olishga muvaffaq bo‘lganligini aytadi.

Biz so‘nggi xabar tafsilotlarini bilish uchun Tojikistondan jurnalist Iskandar Firuz bilan bog‘landik:

Iskandar Firuz: Agar kuzatuvlarimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ikkinchi kundirki, harbiylar tushgan yuk mashinalari shaharga qaytmoqda. Tojikiston Mudofaa vazirligi ham harbiylarning Rasht vodiysidan ortga safarbar etilayotganini tasdiqladi. Ammo vazirlikning ta‘kidlashicha, faqat xizmat muddati tugagan askarlar ortga qaytarilmoqda. Lekin Tojikiston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasidagi manbalarimizga ko‘ra, mintaqada vaziyat izga tusha boshlagani uchun qo‘shimcha harbiylarga ortiqcha ehtiyoj qolmagan va ular rostdan ham beqaror Rasht vodiysidan olib chiqilmoqda.

BBC: Joriy paytda Rasht vodiysida qancha harbiyning borligi aytiladi?

Iskandar Firuz: Biz bu haqdagi ma‘lumotni olishga urindik. Ammo bizga aniq raqamlarni aytishmadi.Agar qo‘limizda bor ma‘lumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsam, joriy paytda birgina Rasht tumanining o‘zida to‘rtta harbiy bo‘linma joylashtirilgan. Ularning mintaqadagi xavfsizlikni ta‘minlashlari ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, hududga Tojikiston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligiga qarashli katta sondagi maxsus bo‘linmalar ham safarbar etilishgan. Yana Tojikiston Milliy gvardiyasi qo‘shinlari ham Rashtdagi harbiy amaliyotlarda bandlar.

BBC: Tojikistonlik harbiylar Rashtdagi harbiy amaliyotlar noyabr oyi boshlariga kelib yakunlanishiga umid qilayotganlarini aytishgandi. Askarlarni ortga qaytarish boshlangan ekan, amaliyotlar poyoniga yetib qoldi, deb aytish mumkinmi? Umuman harbiy amaliyotlar hozir qanday bosqichda?

Iskandar Firuz: Biz Rashtdagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etib, shaharga qaytgan ayrim maxsus bo‘linma a‘zolari bilan suhbatlashdik. Ularning aytishlaricha, Mullo Abdullo guruhi olis tog‘li hududda shunday qurshab olinganki, qurshovdan, hatto, sichqon ham tashqariga qochib chiqolmaydi. Harbiylarga ko‘ra, u yerdagi omon qolgan jangarilarni mahv etish yoki qo‘lga olish faqatgina vaqtga bog‘liq. Chunki yaqin kunlarda mintaqada qaqshatqich sovuqlar boshlanadi. Qalin qor tushadi. Maxsus bo‘linma a‘zolariga ko‘ra, shu sabab ham jangarilarning biror bir choralari qolmaydi: Yoki hukumatga taslim bo‘lishadi va yo-da hayot-mamot jangiga kirishishadi. Ammo u yerdagi harbiylarning soni jangarilarnikidan bir necha marotaba ko‘p. Bularning barchasini nazarda tutgan hukumat mas‘ullarining aytishlaricha, Rasht vodiysidagi muammo allaqachon hal bo‘lgan.

BBC: Demak, Mullo Abdullo va Ali Bedakiylar ham qurshov ichkarisida? Ya‘ni Kamarob darasidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lishmagan?

Iskandar Firuz: Tojikiston Ichki ishlar vazirligidan bugun olgan ma‘lumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsam, har ikki dala qo‘mondoni ham tirik, ularning o‘limiga oid biror bir xabar yo‘q. Ammo vazirlikning ishonch bilan aytishicha, ular tez orada mahv etiladi yoki hibsga olinishadi.

BBC: Har ikki tomonni ham nazarda tutib aytadigan bo‘lsak, bugunga kelib harbiy talofatlarning soni qanchaga yetgan va yana qancha kishi hibsga olingan?

Iskandar Firuz: Tojikiston kuch tizimlari e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 25 nafarcha jangari o‘ldirilgan. Ammo hukumat kuchlari safidagi talofatlarning soni ancha ko‘p. Lekin ayni o‘rinda shuni ham nazarda tutish lozim bo‘ladiki, tojik harbiylari bergan talofatlarning bir qismi tikuchar halokatiga to‘g‘ri keladi. Undan keyin, katta sondagi qurbonlar hali Rashtdagi amaliyotlar arafasida Kamarob darasida hukumat kuchlari karvoniga qarshi uyushtirilgan hujumda berilgan. O‘shanda kamida 26 nafar askar qurbon bo‘lgandi. Hibsga olinganlar masalasiga kelsak, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, kamida 10 nafar jangari qo‘lga olingan.