O‘zgandagi bog‘cha hududidan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar topilgan

Image caption Maxsus amaliyotlar hanuz davom etmoqda

Qirg‘izistonning asosan o‘zbeklar istiqomat qiluvchi janubiy O‘sh viloyatining O‘zgan shahridagi bolalar bog‘chasi hududidan ikkita qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yashirilgan joy topilgan.

Bu haqda Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati ma‘lum qilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga binoan, "Bulbulcha" nomli bolalar bog‘chasidagi yashirin bir yerdan avvaliga 12 kalibrli miltiq, uning to‘rtta patroni, uchta xanjar va ikkita temir to‘qmoq topilgan.

Bolalar bog‘chasini qidirish davomida aniqlangan yana bir pana joydan yetti shisha yondiruvchi modda, mix qoqib to‘ldirilgan va foydalanishga tayyor qilingan 60 dona qo‘lbola qurol chiqqan.

Mas‘ullarga ko‘ra, mazkur moddalarni yashirilgan joylaridan olib chiqish uchun mamlakat Mudofaa vazirligining sapyor qismlari jalb etilgan.

Ularning aytishlaricha, tintuv jarayonida topilgan ashyoviy dalillar bo‘yicha tegishli ballistik va texnik tekshiruvlar o‘tkazishga ham qaror qilingan.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni maxfiy holatda saqlagan shaxsni aniqlashga harakat qilishmoqda.

Mas‘ullarning O‘zgan shahrida yashirilgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni qidirishga qaratilgan maxsus amaliyotlari davom etayotgani aytiladi.

Qirg‘izistonning janubiy O‘sh viloyati o‘tgan iyun oyida qaqshatqich milliy nizolarga sahna bo‘lgandi.

Yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda yuzlab aholi qurbon bo‘lgan, ko‘plab uy-joy va bizneslar vayron bo‘lgandi.