O‘zbek-Tojik chegarasida o‘tish-qaytish osonlashadiganga o‘xshamaydi

"Dӯstlik" chegara nuqtasi Tojikistonning Tursunzoda tumanini O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati bilan bog‘laydi, u Dushanbe shahridan qariyb 70 chaqirim masofada.

Bekatdan chegara tomon jo‘naydigan taksilar kamayib qolgandek. Borlari ham to‘rt kishini to‘plashi qiyin - uzoq kutishga to‘g‘ri keladi. Shu yil 7 mayidan - faqat safarning shoshilinch ekanligini isbotlaydigan telegramma bilan o‘tish tartibi joriy etilganidan buyon ahvol shunday!

Tasavvur qilib kelayotganim yuk mashinalari ham deyarli ko‘rinmasdi. "Bir haftalar avval post atrofidagi yo‘lda mashinalar qatorlashib turib qolgandi", deya tushuntiradi chegarachilardan biri. U o‘sha kunlari og‘ir avtomobillar soni 50-60 taga yetganini aytadi. "Hozir borlari huv ana u yerda", ikki mamlakat o‘rtasidagi betaraf hududga yaqinroq joyni ko‘rsatadi hamrohim.

Lekin chegara posti hududini belgilaydigan shlagbaumdan o‘tdingmi, fotoapparatni, ovoz yozish uskunasini o‘chirishing kerak.

Tojikiston tomonda 15-20 tacha yuk mashinasi turardi. Betaraf hududda yana besh-olti avto ko‘rinib turibdi. "Mana endi birinchi mashinani o‘tkazyapti O‘zbekiston tomoni, soat esa 10 bo‘layapti", deydi haydovchilardan biri.

- Tojikiston tomonida problema yo‘q, O‘zbek tamojnyasi ishlamaydi. Sekin ishlaydi, bir kunda beshmi-oltimi moshinni o‘tkazadi, - deydi turkiyalik haydovchi O‘g‘ur Yelviz.

U xalqaro chegara o‘tish nuqtalari kecha-kunduz ishlashi kerak, deydi. "O‘zbekiston bojxonachilari soat 5-6 da ish vaqti tugadi, deyishadi. Ana shu sababdan qolib ketamiz", deydi u.

Tojik chegarachisi oktyabr oyi oxirida mashinalar tiqilinchligida telvideniyedan kelib tasvirga tushirishganligini aytadi. "Balkim shundanmi, keyin bir necha kechasi O‘zbek bojxonachilari ishlashdi, mashinalar kamaygach, yana faqat kunduzi ishlashayapti", deydi u.

Chegaradan o‘tish narxi qancha?

Polshadan yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchi bir kecha-kunduzdan buyon chegara postida ekanliklari va qachon Tojikistondan o‘tib, O‘zbek bojxonachilari huzurida bo‘lishini bilishmasligini aytadi. Uning fikricha, Tojikistonda ham va O‘zbekistonu-Qozog‘istonda ham bojxonadagi muammolar pul, pora bilan bog‘liq. "O‘tish uchun bozordagidek savdolashasan, - deydi suhbatdosh. - Lekin O‘zbekiston tomonida ko‘p injiqlik qilishadi, kavlashadi, izlashadi. Nima izlashadi, bilmadim".

Belaruslik haydovchi esa "bojxona xodimlari yetishmasa, ko‘paytirishsin" deydi.

"Osiyo mamlakatlari va G‘arbdagi bojxona xizmatlari o‘rtasidagi farq yeru-osmoncha. Avvalo xizmat ko‘rsatishda va madaniyatda farq juda katta", deydi u.

- Odatda tojik-o‘zbek chegarasida qancha vaqt turib qolasiz, - so‘rayman haydovchidan.

- Tojikistonga kirib kelguncha o‘ntacha postdan o‘tamiz, barchasida jami bir oycha vaqt qolib ketamiz, - deydi suhbatdosh umumlashtirib.

Ovro‘podan qatnaydigan haydovchilar Tojikistonda ham o‘ziga xos muammoga duch kelishlarini aytishadi.

Tojikistonda esa kuzatuvni kutish kerak bo‘ladi. Ertalab rasmiylashtirdingmi, kechgacha kuzatuvni kutishga to‘g‘ri keladi. Dushanbegacha bu yerdan 70 kilometrcha. Nega yolg‘iz ketishga ruxsat berishmaydi, bilmayman, deydi belaruslik haydovchi.

Siyosiy bosimmi?

Ochig‘i, haydovchilarning chegara nuqtasida tunab qolishlari bu yerdan munatzam o‘tib turgan yo‘lovchi uchun yangilik emas. Qator qilib qo‘yilgan ulkan mashinalar haydovchilari uch-to‘rtta bo‘lib ovqatlanib yoki karta o‘ynab o‘tirganliklarini ko‘p uchratish mumkin. Haydovchilardan kim bilan gaplashmang ularning birortasi ham chegara postidan bir kecha-kunduzda o‘tgan holat bo‘lgan emasligini ta‘kidlashadi. Har holda Markaziy Osiyo hududida. "Do‘stlik" va "Sariosiyo" postlari oralig‘ida esa yana mashinalar tirbandligi kuzatilishi ham mumkin.

Bir qator tojik siyosatchilari mashinalar ushlab qolinishini yanvar oyidan buyon davom etayotgan vagonlar mashmashasining davomi sifatida talqin qilishdi.

Tojikiston parlamenti a‘zolaridan biri Amirxon Safarov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Tojikistonga iqtisodiy urush e‘lon qilgan.

- Bechora eronlikllar mashinalarida yuk olib keladilar. Besh kunlab hech qayoqqa chiqolmaydilar. Go‘yo bizni hibs qilishgandek, deyishadi. Yuk olib o‘tmanglar, degandek. Bu, albatta, siyosiy jihatga ham ega, deydi Amirxon Safarov.

Ayrim kuzatuvchilar esa yukni Tojikistonga tashlab qaytayotgan bo‘sh avtomobil ushlab turilishiga siyosiy tus berish mantiqdan yiroq deb hisoblashadi.

Nima bo‘lganda ham navbat kutib vizasi muddati o‘tib ketgan haydovchilar ham borligi ma‘lum.

Tojikistondan kelayotgan yuklarga ishonib bo‘lmaydimi?

Avtomobillarning emas, odamlarning chegaradan juda sekin o‘tkazilishi masalasida xuddi shu o‘tish postidagi o‘zbek bojxona xodimlari bilan ikki-uch yil muqaddam bahslashib qolgandim.

- Taqiqlangan narsalar ko‘p. U tomondan bizga o‘tishi ehtimoli katta, deb chertib-chertib gapirgandi bojxona xodimi.

Bojxona xodimlari o‘zlarining ko‘rigidan o‘tgan fuqaro yoki mashinada noqonuniy modda topilsa, ularning barcha ishlari bir pul bo‘lishni aytishadi.

O‘zbek-Tojik chegarasidagi o‘tish nuqtasida to‘rt-besh kunlab ushlanib qolgan yuk mashinalar karvoni garchi hozirda qisqargan bӯlsa-da, qator tojik siyosatchilari muvaqqat tiqilinchlikni vagonlar mashmashasining davomi sifatida talqin qilishgan.