Yer bosib olganlar o‘zlariga qonuniy yer ajratilishiga erishmoqchilar

O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi dehqonchilik yerlarini tortib olganlar o‘zlariga qonuniy ravishda uy-joy qurishlari uchun yer ajratilishiga erishish maqsadida shtab tuzishga qaror qilganlar.

Shtab tuzish qaroriga O‘sh viloyati mulozimlari bilan muzokaralardan keyin kelingan.

Bu shtab a‘zolari uy-joyga muhtoj kishilarning ro‘yxatini tuzishni boshlaganlarini, ro‘yxat boshiga shu yil iyun hodisalarida halok bo‘lganlarning oilalarini qo‘yishlarini aytishayapti.

Ular o‘zlarining talablarini rasmiylarga taqdim etmoqchi ekanlari, agar talablari bajarilmasa, norozilik amaliyotlariga qo‘l urishlari haqida ogohlantirganlar.

O‘sh viloyati rasmiylariga ko‘ra, 7 noyabr kuni ming nafarcha qirg‘iz millatiga mansub kishilar Qorasuv tumanidagi bir necha o‘zbek qishloqlari ahliga tegishli bo‘lgan dehqonchilik yerlarini tortib olishni boshlaganlar.

Guvohlarga ko‘ra, yer bosib oluvchilar dalalarda ekin hosillari bo‘lishiga qaramasdan, ekinlarni payhon qilib, uy-joy qurish uchun yer bo‘lib olishni boshlaganlar, yer o‘zlariga tegishli ekanini namoyish etish maqsadida iyun oyida halok bo‘lgan yaqinlarining suratlarini osib qo‘yishgan.

Ayrim xabarlarda mingtacha, ayrim xabarlarda esa bir necha ming kishi deb aytilgan asosan qirg‘iz millatiga mansub kishilar O‘sh shahriga yaqin dala maydonlarini 8 noyabr kuni ham bosib olishni davom ettirganlar.

Xabarlarga ko‘ra, bu kishilar ko‘p yillardan buyon O‘sh shahrida yashashlari, o‘zlarining uy-joylari yo‘qligi, ayrimlari esa shu yilgi iyun oyidagi hodisalar payti uylari kuyib ketganini aytishgan, shu yerdan o‘zlariga uy-joy qurib olmoqchi ekanlarini bildirishgan.

Bir kun ilgari bu odamlar bilan O‘sh viloyati rahbarlari uchrashganlar, ularning harakatlari noqonuniyligini tushuntirishga harakat qilganlar.

Ammo 8 noyabr kuni ham ertalabdan odamlar hali ekinlari bor dehqonchilik yerlari taqsimlanib olinayotganining guvohi bo‘lganlar.

O‘sh viloyat rahbarlari bugun yerni bosib olayotganlarga bu amallarini to‘xtatishlari uchun ikki soat muhlat berishgan, keyin politsiya maxsus kuchlari yerni bosib olayotganlardan 30 kishini hibsga olgani haqida xabar qildi.

Guvohlar politsiya yer bosib olganlarni tarqatayotganda ko‘pchilik o‘z ixtiyori bilan dalalarni tark etgani haqida aytishadi, ammo ayrimlar O‘sh shahri bilan O‘sh aeroportini bog‘laydigan yo‘lni to‘sib olganlar, birmuncha vaqt tranosport qatnovi to‘xtagan.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124