Qirg‘izistonning yangi parlamenti ish boshladi

Bishkekda Qirg‘iziston Jokorgu Keneshining birinchi majlisi boshlangan. Parlament respublikasi boshqaruviga o‘tilgan respublika Jokorgu Keneshi saylovda ko‘p ovoz to‘plagan besh partiya a‘zolaridan tarkib topgan.

Parlament saylovlaridan roppa-rosa bir oy o‘tib, Jokorgu Kenesh ilk majlisi chaqirilgan.

Majlisni parlament a‘zolari orasida eng yoshi ulug‘i Tashbolot Baltaboyev ochgan.

Deputatlar shu yilning aprel, may, iyun oylarida zo‘ravonliklarda halok bo‘lgan insonlar xotirasiga sukut saqlaganlar.

So‘ng parlament a‘zolarining to‘la nomi e‘lon qilinib, ular qasamyodga keltirilganlar.

Xabarlarga ko‘ra, birinchi majlisda 120 parlament a‘zosidan 93 nafari ishtirok etgan.

10 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan 29 partiya ishtirok etdi, ulardan beshtasi saylov qonunchiligida ko‘zda tutilgan besh foizlik to‘siqdan o‘ta oldilar.

Parlamentda muxolifatdagi millatchi "Ata Jurt" partiyasi 28, hukumatparast Sotsial-demokratik partiya 26 o‘rin, Kremlparast "Ar-namis" partiyasi 25, Respublikachilar 23 va hukumatparast "Ota makon" partiyasi 18 o‘rinni egallagan.

Aprel hodisalari sabab qudratdan ketkazilgan prezident Qurmanbek Bakiyevni hokimiyatga qaytarish va‘dasi bilan chiqqan "Ata Jurt" partiyasining parlament saylovlarida ko‘p ovoz to‘plagani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Kuzatuvchilar "Ata Jurt" bilan parlamentda o‘rinlarni qo‘lga kiritgan boshqa partiyalar bilan koalitsion hukumat tuzish oson bo‘lmasligini aytishadi.

Parlament birinchi yig‘ilishiga "Ata Jurt" rahbari Qamchibek Tashiyev qatnashmagan, buning sababini o‘zining partiyasidagi deputatlikni qo‘lga kiritgan ayrim a‘zolarni parlament va partiyadan chiqarish kerakligi bilan izohlagan.

Jokorgu Kenesh birinchi majlisida ma‘ruza qilgan Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva parlament a‘zolarini shaxsiy va siyosiy izzat-nafsdan yuqori turishga chaqirgan.

"Mamlakatimiz sarmoyaga muhtoj, sarmoyadorlar esa hukumat legallashtirilishini kutishayapti. Shuning uchun men sizlardan shaxsiy va siyosiy izaat-nafslardan yuqori turib bosh vazirni tanlashingizni va 27 noyabrgacha hukumatni shakllantirishingizni so‘rayman", deb aytgan Roza O‘tinboyeva.

Jokorgu Keneshi birinchi majlisi kuni yuz nafar atrofida norozi namoyishchilar Hukumat Uyi binosiga bostirib kirishga harakat qilganlar.

Aksari ayollardan iborat namoyishchilar ular yo‘lini to‘sgan politsiya xodimlari bilan mushtlashganlar.

"Bizning yaqinlarimiz Bakiyev tarafdorlari hukumatga kelishi uchun halok bo‘lmaganlar", deyishgan namoyishchilar.