Tungi qaror Asqarovga bir umrlik qamoq jazosini o‘zgartirishsiz qoldirdi

Qirg‘izistonlik taniqli o‘zbek inson haqlari faoli Azimjon Asqarov va u bilan birga qamoq jazosi tayinlangan insonlarning shikoyat arizalarini ko‘rib chiqqan mahkama kechki soat 21 larda jazolarni o‘zgartirishsiz qoldirish haqida qaror chiqargan.

Appelyatsiya mahkamasi 10 noyabr kuni ertalabki 8 larda boshlangan.

Azimjon Asqarov yaqinlariga mahkamaga kirishga ruxsat etilmagan.

Mahkama Jalolobod viloyati Nooken tumanida bo‘lib o‘tgan.

Dastlabki mahkama Azimjon Asqarovni iyun oyidagi qonli hodisalarda millatlararo nizo keltirib chiqarish, militsiya xodimini o‘ldirishda aybdor deb topib, bir umrlik qamoq jazosi belgilagan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Azimjon Asqarovning iyun oyidagi qonli hodisalarni video, audiohujjatlashtirish bilan band bo‘lgan paytida hibsga olinganini xabar qilganlar.

Azimjon Asqarovning himoyachisi uning hibsga olingan paytidan boshlaboq kaltaklanganini ma‘lum qilgan, ommaviy axborot vositalarida uning Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasi hisbxonasida kaltaklanganini isbotlaydigan suratlar e‘lon qilingan.

So‘nggi bor 4 noyabr kuni mahkamaga tortilganlarning qo‘riqchilar tomonidan kaltaklangani haqida yaqinlari xabar qilganlar.

Biroq 10 noyabr kuni Qirg‘iziston prokuraturasi Azimjon Asqarov va u bilan birga qamoqqa tashlangan insonlar bilan prokuratura mulozimlari suhbatlashganlari, ayblanuvchilar o‘zlarining kaltaklanmaganlarini aytishgani haqida mahalliy matbuotda chiqish qilgan.

Xalqaro tashkilotlar qo‘yilgan ayblar isbotini topmagani, jinoyatni sodir etgani haqidagi ko‘rsatmalar qiynoqlar tufayli tan olinganini qayd etganlar, mahkamalar adolatsiz o‘tgani haqida bayonotlar e‘lon qilganlar.

Bir kun ilgari yaqinlari Azimjon Asqarov jarroh ko‘rigiga muhtoj ekani haqida hibsxonadan noma yozib chiqarganini ma‘lum qilgan edilar.

Singlisi Turdixon Asqarovaning Bi-bi-siga aytishicha, 10 noyabr kuni appelyatsiya mahkamasidan keyin shifokorning Azimjon Asqarov va boshqalarning ko‘rishishiga izn berilgan, biroq shifokor qanday xulosaga kelgani o‘zlariga ma‘lum emas.