Mullo Umar: Tolibon Afg‘on hukumati bilan tinchlik muzokaralariga qarshi

Image caption Tolibon xorijiy kuchlar Afg‘onistonni tark etishmas ekan, hech qanday muzokaralarga bormasligini aytib keladi.

Tolibon rahbari Mulla Umar harakati afg‘on hukumatining tinchlik muzokaralariga qarshi mavqe‘da qolishini aytgan.

Tolibon rahbari Mulla Umar Qurbon Hayiti munosabati bilan e‘lon qilgan yillik murojaatida aytishicha, jang maydonida mag‘lub bo‘layotganliklari uchun dushmanlari tinchlik muzokaralariga oid yolg‘on-yashiq gaplarni tarqatishmoqda.

"Dushman mag‘lub bo‘layapti va kunma-kun mamlakatning barcha qismida qurshab olinayotgani bilan yuzma-yuz kelayapti. Bosim ko‘payib borayotganidan tinchlik muloqotlari haqidagi yolg‘on-yashiq xabarlarni tarqatayaptilar", deyiladi Mulla Umar bayonotida.

Pokistonda yashirinayapti deb ko‘riladigan Tolibon rahbari Mulla Umar "bizning najotimizning yagona yo‘li qurolli jihod" deb aytgan.

"Masalaning yechimi xorijiy qo‘shinlarni olib chiqib ketishda va mamlakatda Islomiy va mustaqil tizimni barpo etishda", deb aytgan u.

Shuningdek, Mulla Umar Homid Karzay ma‘muriyati bilan birga ishlayotgan sobiq jihodiy rahbarlarga murojaat etgan, ularni o‘zlarining ishg‘olchilarga qarshi kurashlariga qo‘shilishga da‘vat etgan.

"Sizning (Sho‘rolar Ittifoqiga qarshi) 14 yillik jihodingizdan ko‘zlangan maqsad rossiyaliklar o‘rnini amerikaliklarga almashtirish edimi?", deya savol bergan Tolibon rahbari.

Tolibon harakati izchil ravishda xorijiy kuchlar Afg‘onistonni tark etishmas ekan, hech qanday muzokaralarga bormasligini aytib keladi.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay esa zo‘ravonliklardan tiyilib, afg‘on konstitutsiyasini tan olishsa va "Al-Qoida" bilan aloqalarini uzishsa, isyonkorlar bilan muzokaralarga borishlarini aytadi.

Biroq ayrim Tolibon a‘zolari afg‘on hukumati bilan muloqotlarga borishgan.

G‘arblik diplomatlar esa ikki o‘rtada oliymaqom muzokaralar bo‘lib o‘tganiga oid xabarlarni tasdiqlashdan o‘zlarini tiyishmoqda.

Va Tolibonni namoyon etganliklarini aytganlardan ayrimlari soxtakorlar ham bo‘lib chiqishdi, deb xabar qiladi Bi-bi-sining Kobuldagi muxbiri.

Tolibon rahbarining murojaati NATOga a‘zo mamlakatlar rahbarlari Lissabonda yig‘ilib, asosan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama etishga bag‘ishlangan uchrashuvlaridan to‘rt kun oldin e‘lon qilingan.