Tojikiston ekologlari nega bong urishmoqda?

Ekologlarning xavotirlari naqadar o'rinli?
Image caption Ekologlarning xavotirlari naqadar o'rinli?

Shimoliy Tojikiston ekologlari qo‘shni O‘zbekistondagi Bekobod va Olmaliq shaharlaridagi sanoat korxonalari Tojikistonning chegaradosh aholi manzillari atrof-muhitiga zarar keltirayotgani borasida iddao bilan chiqishgan.

Tojikiston ekologlari oshib borayotgan keskinlikni yumshatish, ekologik holatni yaxshilash va mintaqa xavfsizligini ta‘minlash, nizoli holatlarni hal etish uchun mintaqaviy komissiya tashkil etish zarurligi borasidagi taklifni o‘rtaga tashlashgan.

Ayni bir paytda Sug‘d viloyatidagi bir qator jamoatchilik tashkilotlari murojaat qabul qilib, unda mintaqa va xususan, Farg‘ona vodiysida ekologik muammolarni hal etish uchun mintaqa mamlakatlarini hamkorlik va muzokara yuritishga chaqirishgan.

Xavotirli chang va zang

Tojikistonning Sug‘d viloyatiga qarashli Spitamen tumanida joylashgan Hashtiyak qishlog‘ida 2 ming nafardan ko‘proq aholi yashaydi. Qishloq chekkasidan bir chaqirimcha yursangiz, qo‘shni O‘zbekistonning Toshkent viloyatiga qarashli Bekobod shahriga yetasiz.

Hashtiyakliklar oldindan Bekobod shahri aholisi bilan bordi-keldi qilib kelishgan. Qishloq aholisining ko‘pchiligi Bekoboddagi tsement zavodi, metallurgiya kombinati va temir yo‘lda ishlab kelgan.

Lekin, ayni bir paytda Tojikiston ekologlari ayni shu zavod va kombinatning Hashtiyak havosi va suvini ifloslantirayotgani borasida bong urishmoqda.

Oddiy hashtiyakliklar esa, Bekobod tsement zavodi va metallurgiya kombinatining qishloq muhitiga ta‘siri haqida turlicha fikrdalar.

Qirq yoshlardagi ayolning aytishicha Bekoboddan esgan shamol qishloqqa sement zavodi chang-to‘zonini olib keladi. Ko‘z ilg‘amas chang tomoqlarni bo‘g‘adi, allergik (yoqmas) xastaliklarni qo‘zg‘atadi.

Manzura ismli qiz esa, qishloq havosining tozaligini, masalan, Xo‘jand shahri havosidan anchagina tozaligini aytdi.

Hashtiyaklik boshqa bir ayol bundan uch-to‘rt yil oldingi voqeani eslaydi. Uning aytishicha o‘shanda bir kechadayoq mevali daraxtlarning deyarli hammasi qurib ketgan. "Biz-ga Bekobodda qandaydir metall eritishgani uchun shunday bo‘ldi deyishgandi", deydi ayol.

Hashtiyak qishloq qo‘mitasi raisi Otaboy Hakimovning aytishicha Bekobod tomon-dan esayotgan shamol suvni ifloslantirmoqda, mevali daraxtlarga ta‘sir ko‘rsatmoqda.

"Metallzavod zangi ham bizga yetib kelgan. Suvimizda zang bor", deydi Otaboy Hakimov. Lekin u haligacha biron kishi suv yo havo ifloslanishi natijasida xastalikka chalinmaganinini aytdi.

Tojikiston hududida qolgan chiqindixona

Sug‘d viloyati atrof-muhitni asrash boshqarmasi boshlig‘i Saidamin Isomaddinovning aytishicha, qo‘shni Bekobod va Olmaliqdagi zavod va kombinatlarning havoga chiqarayotgan chiqindilarining Tojikistonning chegaradosh manzillariga ta‘siri xavotirlanarli darajada:

"Noruda metallar zavodi, sement zavodi, metallurgiya kombinati, ularning karer-lari, viloyatimiz hududida joylashgan chiqindixonalari ekologik talabotlarga javob bermaydi. Bekobod shahri sanoat ishloqlari chiqindilari to‘plangan umumiy maydon 47 gektarni tashkil etadi. Chiqindilarning umumiy hajmi esa taxminan 7 million kub metrga yaqin".

"O‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha shamol chang-g‘uborni Spitamen tumani manzillariga olib kelib uradi. Bu vaziyat Bekobod sement zavodi iqtidorining oshirilayotgani bilan yomonlashadi. U zavod yonida yangisi qurilayotir. U ishga tushsa, havoning ifloslanishi ko‘payishi kutilmoqda", dedi so‘zida davom etib Saidamin Isomaddinov.

Janob Isomaddinovning aytishicha, Bekobod bilan chegaradosh Tojikistonning aholi manzillarida o‘tkazilgan tekshirishlar xavotirli natijalarni ko‘rsatgan:

"Tojikiston hududida, Hashtiyak qishlog‘ida 15 yerdan olingan, tarkibida chang bo‘lgan havo tekshirib ko‘rildi. O‘n bir holatda bir kecha-kunduzlik chang me‘yori ortiq ekanligi kuzatildi. Bekobod shahri chiqindi tashlash yeri ham Spitamen tumani havosiga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotir. Bu manba bizning hududimizda joylashgan bo‘lib, 5 gektar yerni egallagan. Unga 1997 yildan 2000 yilgacha Bekobod shahri chiqindilari keltirib tash-langan. Chiqindilar hajmi 50 ming kub metrga yaqin".

Saidamin Isomaddinov chiqindilar zararsizlantirilmagani va yopib tashlanma-gani tuproq hamda yerosti suvlarinining ifloslanishiga olib borishini ta‘kidladi.

Uning aytishicha ayni shunday xavotirli vaziyat Olmaliq bilan qo‘shni Mastchoh tumanida ham mavjud:

"Mastchoh tumanining chegaradosh yerlariga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotgan asosiy omil Olmaliq metallurgiya kombinati va uning chiqindixonalari hisoblanadi. Natijada Mastchoh tumanidagi chegaraga yaqin 1100 gektardan ortiq ekin yerining 350 gektari ishdan chiqqan".

Tojikiston ekologlarining iddaolaricha, Olmaliq metallurgiya kombinati chiqindixonalari yaqinidagi suv tarkibi tekshirib ko‘rilganda mis, qo‘rg‘oshin, qalay kabi metallar mavjudligi aniqlangan. Suv tarkibidagi ammiakli azotlar va nitratlar me‘yordagidan uch baravargacha ko‘p chiqqan. Tuproq tarkibini tekshirish esa, undagi turli metallar me‘yordagidan olti baravargacha ko‘pligini ko‘rsatgan.

Iddaomi yo javobiy chora?

Bekoboddagi metallurgiya kombinati muhandislaridan birining aytishicha bu kombinatning atrof-muhitga keltirayotgan zarari ko‘pincha bo‘rttirib qo‘rsatiladi. Hozirda kombinatning havoga chiqindi chiqarishini yanada kamaytirish uchun zamonaviy moslamalar o‘rnatilmoqda, dedi muhandis

Sug‘d viloyati sanitariya-epidemologiya nazorati davlat xizmati markazi boshlig‘i muovini Nasimjon Ikromov fikricha esa, viloyatda qo‘shni mamlakat tomonidan ifloslanayotgan havo ta‘siri ostida paydo bo‘lgan bemorliklar qayd etilmagan. Bu joylardagi shifokorlarning xastaliklar oldini olish yo bemorlarni o‘z vaqtida davolash uchun qilayotgan harakatlari natijasidir.

"Lekin, chegaradosh manzillardagi havo tarkibida oksidkarbonat, oksidnitragen, oltingugurt changi mavjud", deydi Nasimjon Ikromov.

Tojikiston parlamenti deputati Saidsho Yoqubov o‘zaro ayblovlardan atrof-muhit tozaligicha uchun birgalikda kurashish tarafdori.

"Menimcha, bir-birimizni ayblash bilan ish bitmaydi. Yuzaga kelgan vaziyatni yaxshilash uchun xalqaro tadqiqotchilar ishtirokida o‘zaro komissiya tashkil etish zarur. Mustaqil mutaxissislar mustaqil tadqiqot ish olib borganliklari yaxshi. Ko‘pincha bahsli mavzular kelib chiqqanda, har kim ko‘rpani o‘z ustiga yopishga urinadi. Ertaga bunday holat kelib chiqmasligi uchun ekologiyaga oid barcha hujjatlarni tayyorlab, muzokaralar yuritish zarur, deya o‘ylayman".

Deputat fikricha shikoyatni aytaverish ko‘zlangan natijaga olib bormaydi.

"Muammoni hal etish maqsadida albatta taklif ham bildirish lozim. Bir-birimizning ustimizga mag‘zava ag‘darish bilan masala hal etilmaydi. Biz asrlar davomida Sirdaryo va Amudaryo suvini ichib kelganmiz. Men hozirgi tushunmovchiliklar vaqtincha va o‘tib ketadi, deb o‘ylayman", deydi Saidsho Yoqubov.

Tojikistondagi ayrim kuzatuvchilar fikricha, Shimoliy Tojikistonning chegaradosh manzillarida atrof-muhit ifloslanayotganida O‘zbekistonni ayblash qo‘shni mamlakatga nisbatan qo‘llanilayotgan javobiy choradir.

Oldinroq, O‘zbekiston Tojikistondagi Tursunzoda alyuminiy zavodining Surxondaryo viloyati atrof-muhitiga keltirgan iqtisodiy zararlari haqidagi iddao bilan chiqqan edi.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124