G‘alla mustaqilligiga erishgan O‘zbekiston bozorlarida o‘z uni taqchillashgan

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, poytaxt Toshkent bozor va do‘konlarida mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan un ko‘rinmay ketgan.

Vujudga kelgan mazkur holat esa, aholi orasida qimmat bo‘lsa-da, qozoq uniga bo‘lgan ehtiyoj va qaramlikni kuchaytirgan.

Oktyabr oyida O‘zbekistonning g‘allakor janubiy Qashqadaryo viloyatida ham xuddi shunday holat vujudga kelgani xabar berilgandi.

O‘tgan uch oy ichida O‘zbekistonda shundoq ham un va un mahsulotlari narxlarining bir necha barobarga qimmatlashgani kuzatilgan.

So‘nggi holat esa, sifati bois qozoq uniga qaraganda nisbatan arzon bo‘lgan o‘zbek unini sotib olishga o‘tgan aksariyat aholini mushkul ahvolda qoldirgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, O‘zbekiston bu yil ham 7 million tonnaga yaqin bug‘doy yetishtirib, yillik rejani oshig‘i bilan ado etgan.

Ustiga ustak so‘nggi paytlarda Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan unning narxi barcha Markaziy Osiyo davlatlarida yanada ko‘tarilgan.

"Kazax-Zerno" veb portalining hisob-kitoblariga ko‘ra, oliy navli bir tonna qozoq unining narxi mintaqa davlatlarida 450-500 AQSh dollariga yetgan.

O‘zbekiston va mintaqaning qolgan davlatlarida un va un mahsulotlarining narxlari bilan bog‘liq mazkur holatga dunyodagi asosiy bug‘doy eksporterlari hisoblangan Rossiya va Qozog‘istondagi qurg‘oqchilik sabab bo‘lgani aytiladi.

Aynan yoz mavsumida kuzatilgan ayovsiz qurg‘oqchilik sabab, Rossiyaning bu yaqin yillarda chetga bug‘doy sotish niyati yo‘qligi esa, vaziyatni yanada qiyinlashtirgan.

Biz o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov bilan bog‘lanib, mamlakatdagi un ta‘minoti bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди