O‘zbekiston "qamali" Rog‘un GESi qurilishini sekinlashtirmoqda

Tojikistondagi Rog‘un GESi mas‘ullarining aytishlaricha, O‘zbekiston "qamali" tufayli ushbu GESda qurilish ishlari sekinlashgan.

Rog‘un GESi boshlig‘i Nurullo Shulashovga ko‘ra, Tojikiston vagonlarining O‘zbekiston hududida ushlab turilgani sababli Rog‘un GESi qurilishi uchun zarur bo‘lgan tajhizotlar keltirilmayotir.

Ushbu muammoni hal qilish uchun Tojikiston hukumati ehtiyot qismlar va zururiy qurilish mollarini uchoqlar vositasida va Afg‘oniston hududi orqali Tojikistonga kiritishga qaror qilganlar.

"Rog‘unga kerak bo‘lgan qurilish mollari va tajhizotlarni uchoqlar va Afg‘oniston hududi orqali keltirish qarori olindi. Albatta, bu ularning narxini bir necha baravarga qimmatlashtiradi. Lekin bizda boshqa yo‘l yo‘q," deya tan oldi Nurullo Shulashov.

Bi-bi-si bilan suhbatda janob Shulashov oxirgi oylarda Rog‘unda qurilish ishlari sezilarli darajada sekinlashganini aytdi.

"Biz tuzgan ba‘zi rejalar bajarilmadi. Bunga sabab ehtiyot qismlarining yetishmasligidir. Masalan, bizda "BelAZ" yuk mashinalariga katta ehtiyoj bor, lekin O‘zbekiston bu ehtiyot qismlar yuklangan vagonlarning Tojikistonga kirishiga yo‘l bermayapti," deya qo‘shimcha qildi Rog‘un GESi boshlig‘i Nurullo Shulashov.

Janob Shulashov Rog‘un GESi uchun o‘ta muhim bo‘lgan boshqa qurilish mollarini ham tilga oldi.

O‘tgan oy boshida "Tojikiston Temir Yo‘llari" shirkati mas‘ullari O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishiga mo‘ljallangan tajhizotlar, jumladan yuk mashinalari yuklangan vagonlarni o‘z hududidan o‘tkazib yuborganini ma‘lum qilgan edilar.

Lekin Nurullo Shulashov bu xabarlarni rad etdi va yil boshidan buyon O‘zbekiston Rog‘unga yo‘l olgan birorta vagonni qo‘yib yubormaganini aytdi.

Shu yil yozida prezidentlar Imomali Rahmon va Islom Karimov Toshkentda uchrashib, Tojikiston vagonlari tranzitiga O‘zbekiston tomonidan to‘siq qo‘yilmasligiga kelishib olgan edilar.

Lekin rasmiylar bu kelishuv Rog‘un GESiga uchun zarur bo‘lgan qurilish mollariga taaluqli emasligini alohida ta‘kidlagan edilar.

O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishiga keskin qarshilik qilib keladi.

Rasmiy Toshkentning ishonishicha, ushbu GES barpo etilsa, O‘zbekiston suv tanqisligiga ro‘baro‘ bo‘ladi.

Prezident Karimov Rog‘un suv ombori to‘lishi uchun 8 yil ketishini aytgan.

Biroq bu da‘volarni rad etgan rasmiy Dushanbe Rog‘un suv ombori Sirdaryo va Amudaryo suvlarining Tojikistonga ajratilgan ulushi hisobiga to‘ldirilishini izhor etgan.