Qozog‘istondagi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning sog‘lig‘i yomonlashgan

Olma ota hibsxonalarida saqlanayotgan o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning sog‘liqlari yomonlashgani aytiladi.

Olingan xabarlarga ko‘ra, ularning orasida bo‘lgan qarshilik Isa Pardayevning yuzining bir tomoni falaj bo‘lib ishlamay qolgan.

Malakali shifokor so‘rab yozilgan arizaga esa, 10 kun o‘tsa-da hali javob kelmagan.

Hibsda saqlanayotganlarning sog‘liqlari bilan bog‘liq muammolardan ularning yaqinlari xabar topgan.

Ayni damda Olma ota vaqtinchalik tergov izolyatorida saqlanayotgan uch kishining sog‘lig‘i yomonlashgani aytiladi.

“Bittasi Pardayev Isabek, o‘ng tomoni umuman ishlamayotgan ekan. Keyin boshi, yuzi ishib ketgan ekan. Unga faqat hamshira kiribdi. Bizda nevropotologlar yo‘q, advokating tashqaridan do‘xtir olib kelsin, deb aytibdi,” deydi hibsda saqlanayotgan boshpana izlovchilarning ahvoli bilan yaqinroq tanishgan Umida Azimova.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan yollangan advokat esa, shifokor olib kirish borasida tergov izolyatori rahbarlariga bundan 10 kun oldin murojaat qilgan, ammo hozircha tayinli javob olmagan.

-Hozir ahvoli umuman o‘zgarmagan. Yuzi shishib ketganidan gapirishi ham qiyinlashib qolgan emish. Advokatning o‘zi ham u bolani ko‘rib rahmim kelib ketdi, dedi, deydi Umida Azimova.

Qochqinlar ishi bilan bevosita shug‘ullanuvchi yurist Denis Jivaga hibsdagilarning sog‘lig‘i yomonlashgani borasidagi xabarlarni tasdiqladi.

“Men bu haqda eshitdim. Bu haqda yozishmalar tergov izolyatori doirasi olib boriladi. Agar uning axvoli juda yomon bo‘lsa shifoxonaga yotqizish masalalari ko‘rib chiqiladi. Albatta buning hammasi advokatning murojaati bilan bo‘ladi,” deydi Qozog‘iston inson huquqlari va qonunga rioya qilish xalqaro byurosi yuristi Denis Jivaga.

Qarshilik 23 yoshli Isa Pardayev hibsda saqlanayotganlarning yoshi kichiklaridan biridir. Isaning o‘t pufagi, qon tomirlarining qattiq shamollagani tufayli yuzining o‘ng tomoni falaj bo‘lib qolgani aytilmoqda.

Adliya vazirligiga qarashli tergov izolyatorida saqlanayotgan yana Xurramov Sarvar hamda To‘rayev Ravshanning sog‘liqlari yomonlashgani aytilmoqda. Yaqinlarining aytishicha, ularning yuraklari bezovta qilmoqda.

Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi hibsxonasida saqlanayotgan yana bir guruh boshpana izlovchilar bilan bog‘lanish o‘ta cheklangani bois ularning sog‘liqlari borasida aniq ma‘lumot yo‘q. Ammo hibsda saqlanayotgan Qosimov Abrorning turmush o‘rtog‘i kiyimlarini yuvish uchun olganida, jenferida qon ko‘rganini aytgan.

Turmush o‘rtog‘i Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanayotgan faol Umida Azimova boshchiligidagi boshpana izlovchilar bundan sal oldinroq prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishgan. Unda hibsda saqlanayotganlarning sog‘lig‘idan xavotir bildirilgan va vaziyatga ochiqlik kiritish so‘ralgan.

Bugunga kelib 27 kishi Olma ota hibsxonalarida yotibdi. Ularning taqdiri hanuz noma‘lumligicha qolmoqda.

Bungacha yaqinlarining iddoa qilishicha, biror marta ham O‘zbekistonda bo‘lmagan qirg‘izistonlik Xurshid Komilov va tojikistonlik Umarali Abdurahmonov hamda Rasul Rahmonov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

Hibsda saqlanayotganlar O‘zbekistonda taqiqlangan diniy ekstremistik oqimlarga a‘zolik va konstitutsion tuzumni ag‘darishga harakat hamda qasddan qotillik qilish ayblari bilan gumon qilinmoqda.