Qirg‘izistondagi qonli hodisalar uchun yana 17 o‘zbekni aybdor deb topishdi

Qirg‘iziston janubidagi mahkama 17 insonni shu yil iyun oyidagi qonli hodisalarda aybdor deb umrbod qamoq jazolariga hukm etgan.

Aybdor deb topilganlarning barchasi etnik o‘zbeklardir.

Jalolobod viloyatining Nooken tuman mahkamasi hakamiga ko‘ra, bu kishilarning ommaviy qotilliklar va etnik zo‘ravonliklarda aybdorligi isbotlangan.

Nooken tumani hakami Damirbek Nazarovning ommaviy axborot vositalariga aytishicha, ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni bo‘ynilariga olmagan bo‘lsalar-da, ularning Bishkek bilan O‘sh shaharlarini bog‘laydigan katta magistral yo‘l chetida 16 kishini o‘ldirganlari tergov davrida o‘z tasdig‘ini topgan.

Qirg‘izistondagi ushbu yangi hukm iyun oyidagi xunrezliklarda faqat etnik o‘zbeklarni aybdor qilib ko‘rsatilayotgani borasidagi yangi xavotirlarni paydo qilgan.

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari qonli hodisalar bo‘yicha shu paytgacha Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan mahkamalarning aksari o‘zbeklar ustidan bo‘lib o‘tgani va hodisalar uchun asosan o‘zbeklar aybdor deb topilayotganini qayd etadilar.

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva xunrezliklarda faqat o‘zbeklar aybdor ko‘rilayotgani haqidagi da‘volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, degan bayonotni bergan.

Biroq xalqaro tashkilotlar Qirg‘iziston rasmiy idoralariga murojaat qilib, Qirg‘iz mahkamalari aybdor deb topayotgan insonlarning dastlabki tergov paytida qiynoqlarga tutilgani, mahkama jarayonlari esa xalqaro adolat mezonlariga mos kelmaganini urg‘ulaganlar.

Bo‘lib o‘tgan mahkamalarda ayblanuvchi ko‘rilganlarning ko‘rsatmalari inobatga olinmagan, jabrlangan taraf sifatida mahkamada ishtirok etgan kishilarning ayblanuvchilar, ularning himoyachilari va yaqinlariga tahdid qilganlari, jismoniy hujumga tutilgan hollari kuzatildi.

Bunday hodisalarga nisbatan rasmiy organlar vakillari "oddiy tomoshabin" bo‘lib turishni afzal bilganlar.

Kuni kecha Britaniya parlamenti a‘zolari Qirg‘iziston rasmiylariga taniqli inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning sog‘ligi borasida bildirgan o‘zlarining xavotirli maktublariga javob olish istagida ekanlarini bildirdilar.