OXHTga raisligi paytida Qozog‘istonda matbuot erkinligi ahvoli yaxshilanmadi'

Image caption Ostonada Dunya Miyatovich qat‘iy bayonot bilan chiqdi

Dekabr oyining boshida Ostonada bo‘lib o‘tishi rejalangan Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining sammiti Markaziy Osiyoda eng yirik va muhim marosimlardan biri bo‘lishi aytilmoqda.

Tashkilotning avvalgi sammiti bundan 11 yil avval istanbulda o‘tkazilgan bo‘lib, AQSh prezidenti Bill Klinton hurmatli mehmon bo‘lgandi.

Bu gal uning rafiqasi AQSh davlat kotibasi Hillari Klintonning sammitga kelishi aytilgan.

U bilan birga Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Nik Klegg va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham hozir bo‘ladilar.

26 noyabr kuni esa Ostonada sammitga tayyorgarlik sifatida ko‘rilgan anjumanlarning navbatdagisi boshlangan.

Erishilgan maqsadlarni ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan anjumanlarning dastlabkilari Varshavada, undan keyin Venada o‘tkazildi.

Ostonada o‘tkazilayotgan anjuman ushbu anjumanlarning uchinchisi va uning yakshanba kuni tugashi rejalangan.

Anjumandan asosiy maqsad - qo‘yilgan vazifalar neqadar bajarilganligini ko‘rib chiqish va sammitga tayyogarlik.

Avvalgi anjumanlar inson huquqlari masalalari, iqtisodiy, atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizlikning siyosiy va harbiy kafolatlari kabi mavzularga bag‘ishlangan edi.

Ostonadagi anjuman matbuot erkinligi, muhojirlarga nisbatan betoqatlik va inson savdosi muammolariga qaratilgan.

Tashkilotga raislik qilayotgan Qozog‘istonning vakili Madina Jarbusinovaga ko‘ra, anjumanda inson huquqlari masalasi ham ko‘tarilayotganligi, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a‘zo davlatlar hududlarida hanuz inson huquqlarini toptash kuzatilayotganligi belgisidir.

"Bu murakkab masalalarning turli jihatlarini muhokama qilish vaziyatga baho berish va amal qilishning aniq mexnizmlarini ishlab chiqishga yordam beradi", deb aytdi Jarbusinova xonim.

Ko‘rib chiqiladigan asosiy masalalardan biri matbuot erkinligi sohasida a‘zo mamlakatlar, jumladan Qozog‘istonning o‘zida ham mavjud bo‘lgan kamchiliklardir.

Tashkilotning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich mavjud muammolar haqida ancha qat‘iy bayonot bilan chiqdi.

Dunya Miyatovich aytishicha, mamlakatlar matbuot erkinligi sohasida o‘z zimmalariga olgan vazifalarni bajarishdan hali uzoqdirlar.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a‘zo bo‘lgan tobora ko‘proq mamlakatlar zamonaviy yo ana‘naviy matbuot vositalarida tanqidiy, hajviy, o‘tkir yo qarama-qarshi fikrlarni izhor etganlarni ta‘qib ostiga olib, huquqlarni poymol etmoqdalar.

"Ko‘rinishicha, tashkilotga a‘zo davlatlardagi siyosatchilar an‘anaviy matbuotga bo‘lgan darajada Internetga ham cheklovlarni qo‘llash bilan chegarlanmay, nazorat qilib bo‘lmaydigan sohani nazorat ostiga olish yo‘lida kerak bo‘lsa qo‘shimcha cheklovchi qonunlarni ishlab chiqishga tayyorlar", dedi Miyatovich xonim.

"Yaxshi ma‘lumotga ega bo‘lgan insonlar to‘g‘ri qarorlarni qabul qiladilar. Bu esa demokratiya tamal toshining asosiylaridan biridir", deya ilova qildi u.

Matbuot anjumani mobaynida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakilidan, Qozog‘iston tashkilotga raislik qilgan vaqti vaziyat qanday o‘zgargani haqida so‘ralganda, shu paytgacha biron ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmaganligini aytdi.