'Qirg‘izistondagi etnik nizo jabrdiydalariga yana millionlab dollar yordam kerak'

Image caption Xalqaro tashkilotlar yana 42 million dollar yordam so‘rashmoqda.

BMT va xalqaro tashkilotning Qirg‘izistondagi hamkorlari iyun oyidagi milliy nizolardan jabr ko‘rgan 800.000 dan ortiq kishiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun yana 42 million dollar yordam so‘rashmoqda.

Qirg‘izistonning janubiy O‘sh va Jalol-Obod shaharlarida o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida kelib chiqqan qonli to‘qnashuvlardan qariyb yarim million kishi jabr ko‘rgan: 400.000 ga yaqini doimiy turar-joylarini tashlab chiqishgan, o‘n minglab boshpanasizlar esa, qo‘shni O‘zbekistonga ham qochib o‘tishgandi, deydi xalqaro tashkilot.

Ko‘plab kishilar esa, zo‘ravonliklarni o‘z tanalarida his etishgan, yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, minglab insonlar tan jarohati olishgandi.

Birlashgan Millatlarning Qirg‘iziston bo‘yicha Insonparvarlik yordamlarini muvofiqlashtiruvchisi Nil Uokerning aytishicha, "Etnik nizolardan jabr ko‘rgan aholi, ayniqsa, bolalar va boshqa zaif guruhlarga hanuz xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan yordamlari zarur".

"Milliy nizolar va uning oqibatlari Qirg‘izistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga jiddiy ta‘sir qilgan. Shu sababdan ham, hamon u yerda insonparvarlik yordamlariga ehtiyoj bor. Men bir narsaga umidbaxshmanki, agar qo‘shimcha moliyaviy yordam kelasi yilning o‘rtalarigacha yetkazib berilsa, Qirg‘iziston janubida vaziyat barqarorligicha qoladi," deb qo‘shimcha qilgan xalqaro tashkilot vakili.

Birlashgan Millatlar Qirg‘iziston janubidagi etnik nizolar sabab boshpanasiz qolgan aholi va jabrdiydalarga zudlik bilan yordam berish uchun 18 iyun kuni yuz million dollarga yaqin moliyaviy ko‘mak murojaati bilan chiqqandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, dastlabki murojaatda ko‘zda tutilgan insonparvarlik dasturlari uchun 51 million AQSh dollari yetkazib berilgan. Ya‘ni, bor-yo‘g‘i 55 foizi moliyalangan.

Buning ortidan BMT va xalqaro tashkilotning Qirg‘izistondagi insonparvarlik masalalari bo‘yicha hamkorlari qirg‘iz hukumati bilan birga moliyaviy yordam yetkazish muddatini kelasi yilning o‘rtalarigacha uzaytirish masalasida kelishib olishgan.

Etnik nizolar sabab, turar-joylaridan butkul mosuvo bo‘lgan insonlarga yangi boshpana tiklashda band idoralar esa, qo‘shimcha mablag‘siz ham shu yilning oxiriga qadar barcha ehtiyojmandlarga 2-3 xonali vaqtinchalik uy-joylar qurib berishlariga ishonchlari komil ekanini aytishmoqda.

O‘tgan iyun oyida yuz bergan etnik nizolar chog‘ida Qirg‘iziston janubida 2.000 ga yaqin turar-joy va binolarning butkul vayron bo‘lgani aytiladi.

Mahalliy aholi esa, qish tushib qolganiga qaramay, minglab jabrdiydalarning hanuz vaqtinchalik chodirlar ostida yashashayotganidan shikoyat etishadi.

BMTning Qirg‘izistondagi yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, "Aholining xavfsizligi, ularni oziq-ovqat bilan ta‘minlash, qishloq xo‘jaligini qayta tiklash ustivor masala bo‘lib qolayotgan esa-da, ta‘lim, tozalik va odamlarning salomatliklariga e‘tibor qaratishga hanuz ehtiyoj bor".

"Agar hamma narsa ko‘ngildagidek kechsa, kelasi yilning iyul oyiga qadar Qirg‘iziston janubida insonparvarlik yordamlariga, kamida keng ko‘lamli muvofiqlashtirilgan ko‘mak amaliyotlariga ortiq ehtiyoj qolmaydi," deb aytgan BMT vakili.

Biz O‘sh shahar yashovchilaridan biri bilan bog‘lanib, bugun to‘qnash kelib turgan muammolari bilan qiziqdik.