Imomali Rahmon: 'Gidroelektrostantsiya qurish loyihalarimizning mintaqaga ta‘siri yo‘q'

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning aytishicha, gidroelektrostantsiya qurish loyihalarining Markaziy Osiyodagi suv muvozanati va mintaqa ekologiyasiga ta‘siri yo‘qdir.

Tojikiston rahbari bu haqda "Sangtuda-2" gidroelektrostantsiyasi to‘g‘onini qurish ishlarini boshlash marosimi chog‘ida qilgan chiqishida aytgan.

Ushbu gidroelektrostantsiyani qurish ishlari 2006 yilda Eron bilan hamkorlikda boshlangandi. Loyiha tomonlarga 225 million dollarga tushmoqda.

"Sangtuda-2" kelasi yilning oxirigacha qurib bitkaziladi va ishga tushgach, yiliga bir milliard kilovatt/soat energiya ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Prezident Rahmonning aytishicha, "Tojikiston dunyodagi ichimlik suvi va muzliklarning asosiy manbaidir. Va mintaqadagi boshqalar qatori ushbu tabiiy boylikdan foydalanishga haqlari bor".

Tojik rahbariga ko‘ra, "Sangto‘da-2" mamlakat iqtisodini kuchaqtirishga xizmat qiladi.

Marosimda ishtirok etgan Eron Energetika vaziri Majid Namju, "Energiya taqchilligiga barham berishda mamlakati doimo Tojikiston xalqini dastaklashi"ni aytgan.

Tojikiston tomoni bilan erishilgan bitimga muvofiq, Eron "Sangto‘da-2" gidroelektrostantsiyasidan kelasi o‘n ikki yarim yil ichida foyda olib turadi. Va shundan so‘ng, u butunlay Tojikiston ixtiyoriga o‘tadi.

Rossiya axborot agentliklarining xabar berishicha, mazkur loyiha "Sangtuda-2" da ishlab chiqarilgan elektr tokini Tojikistondan Eron orqali Afg‘onistonga yetkazib beruvchi yuqori quvvatli o‘tkazgichni qurish ishlarini ham ko‘zda tutadi.

O‘tgan yilning iyul oyi oxirida Tojikiston Rossiya bilan hamkorlikda janubiy-g‘arbiy Xatlon viloyatida "Sangto‘da-1" gidroelektrostantsiyasini ishga tushirgandi.

So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyoning ikki yirik daryosi boshida turgan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘zlarining energiyaga tashnaliklarini qondirish uchun yuqori oqimda gidroelektrostantsiyalar qurish rejalarini ayta boshlashgan.

Ayniqsa, Tojikiston qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi so‘nggi paytlarda rasmiy Toshkent va Dushanbe orasidagi aloqalarni yanada taranglashtirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, yangi GES iqtisodida dehqonchilik katta o‘rin tutadigan va aholi zich yashaydigan O‘zbekistonda sug‘orish suvlari tanqisligini yuzaga keltirishi mumkin.

Tojikiston va qirg‘izistonlik mutaxassislarning aytishlaricha esa, bu mamlakatlarda gidroenergetika stantsiyalari qurish rejalari Qozog‘iston va O‘zbekistonning manfaatlariga qarshi emas.

Biroq O‘zbekistonning asosiy ziroat ekini bo‘lmish paxta ko‘p suv talab qiladi va O‘zbekiston aholisi mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi barcha aholini qo‘shib hisoblaganda ham qariyb tenglashib qoladi.

Hozirda mintaqa mamlakatlari o‘z oralaridagi suv muammolarini hal etish uchun bahamjihat harakat qilishlari zarurati xususida tobora ko‘proq gapirilayotir.

Sho‘ro davridagi markazlashgan suv ta‘minoti va sug‘orish tizimlari, mintaqa mamlakatlarining jug‘rofiy joylashuvi ularni o‘zaro bog‘lab qo‘ygan.

O‘zbekiston hukumati Rog‘un GESi qurilishi borasida xalqaro tekshiruv o‘tkazish masalasini ilgari surib keladi.

Tojikiston Rog‘un qurilishiga oid tekshiruvlarga qarshi emasligini aytib, joriy yil mart oyida Jahon Banki bilan energetika taraqqiyoti borasida bitimga imzo chekkandi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishi mintaqa uchun zarar keltirishi haqida da‘vo etar ekan, o‘z navbatida Tojikiston mamlakatda energiya tanqisligini tugatishga xizmat qiladigan yirik inshootni bunyod etish maqsadidan chekinmasligini bildirar ekan, ikki qo‘shni mamlakat orasida sovuqchiliklar davom etayotganini urg‘ulashadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Dushanbe yig‘ini doirasida Xitoy bilan imzolangan hujjatlarga muvofiq esa, Xitoy Tojikistonga 200 million AQSh dollariga yaqin imtiyozli sarmoya ham bermoqchi.

Mazkur sarmoyalar esa, Xitoyni Tojikiston bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘li va Xo‘janddan Ayniygacha tortiladigan elektr tarmog‘i bilan bog‘liq.