Dabdabali anjuman o‘tayotgan Ostona, Sammitxon va bir-biriga zid manzaralar...

Qozog‘iston siyosatchilari bir necha yillardan beri kutgan kunlar bugun keldi. Rasmiylardan tortib, ba‘zi oddiy aholi vakillari ham faxr bilan tilga olayotgan Ovro‘pada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti va nihoyat aynan shu sobiq Sho‘ro davlati Qozog‘istonda o‘tkazilmoqda.

Sammitda imzolanishi kerak bo‘lgan hujjatlar borasida hali biron bitimga kelinmagan esa-da, ushbu yig‘in Qozog‘istonga kazo-kazo davlat rahbarlarining bir vaqtda tashrifi bilan ham qozog‘istonliklar xotirasida qolishi tayin.

Hamma hushyor holatda

Shimolda joylashgan Ostona bugun bizni o‘zining sovuq shamollari bilan qarshi oldi. Kechagina iliq bo‘lib turgan ob-havo bugun mehmonlarni to‘nini teskari kiyib qarshilayotgandek. Bizni olib kelgan uchoq kapitani tashqarida havo harorati 15 daraja sovuqligini aytdi. Uchoq poytaxt havo qo‘nolg‘asida qundi, ammo bizni sovuq shaharga qo‘ygisi kelmaganday 20 daqiqa eshiklarini ochmadi.

Jurnalistlar maxsus avtobuslar bilan oldindan belgilangan mehmonxonalarga olib kelindi. Shahar kishida guyo sammitga emas, harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rayotgandek tasavvur paydo qiladi.

Har qadamda militsionerlar turgani yetmaganidek, chorrahalarda og‘ir texnikali harbiylar avtomatlarini ko‘tarib, u yoqdan bu yoqqa borib keladi.

Jurnalistlar uchun ajratilgan maxsus mehmonxonalar ham yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Kiraverishda milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan tortib, militsionerlargacha sizni kutib olsa, har bir qavatga qo‘yilgan ayol militsionerlar sizning qadamingizni kuzatib o‘tirishadi.

Sammit o‘tishi rejalangan Mustaqillik saroyi biqinida matbuot markazi joylashgan San‘at universitetiga faqat maxsus avtobuslarda kelish mumkin xolos.

Buning hammasi bekorga qilinmayotgandek, chunki 28 davlat rahbari va bir necha ko‘zga ko‘ringan davlatlar yuqori martabali mulozimlari kelishi kutilayotgan ushbu sammitda biron noxush hodisa yuz bermasligi uchun rasmiy Ostona imkon qadar urinmoqda.

Shu materialni tayyorlash davomida ham matbuot markaziga o‘rnatilgan ekranlar aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kadr uzatib turibdi.

Deyarli har daqiqa oralig‘ida uchoqlarni qabul qilayotgan Ostona havo qo‘nolg‘asi nufuzli mehmonlarni munosib qarshi olishga harakat qilmoqda.

Ko‘chalarda esa, uni ertalabdan kechgacha tozalikni saqlashga urinayotgan farroshlar va tartibni nazorat qilayotgan huquq-tartibot tizimi xodimlariga ko‘proq ko‘zingiz tushadi.

Men bilan suhbatda bo‘lgan bir farrosh: "Sammit bahonasida tirikchiligi ko‘chada o‘tadigan barcha odamlarni quvishdi",- deydi.

Sammit atrofidagi voqealar esa, mahalliy matbuotda keng yoritilmoqda. Qozog‘istonning xalqaro siyosatda qo‘lga kiritgan yirik g‘alabasi sifatida ko‘rilayotgan ushbu sammit bahona Prezident Nazarboyevning shaxsi yanada ulug‘lanmoqda.

Sammitxon

Ostonaliklar ham ushbu sammitdan ko‘ngillari osmonga ko‘tarilganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Asli janub viloyatlaridan ko‘chib kelgan oila o‘z farzandiga sammit sharafiga Sammitxon deya ism bergani ma‘lum bo‘ldi.

Hammaning xotirasidan chiqsa ham 2010 yil Ostonada Ovro‘pada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tgani vaqti kelib norg‘ul yigit bo‘ladigan Sammitxonning esidan hech chiqmasa kerak.

Deyarli har kuni mehmonlar sharafiga kontsert va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilingan. Ushbu 3 kun oralig‘ida Ostona o‘zining eng go‘zal xislatlarini qo‘noqlariga ko‘rsatish uchun zo‘r bermoqda.

Bir-biriga zid manzaralar

Ammo, siyosiy jabhada bo‘lganidek, Ostonaning o‘zida ham bir-biriga mos tushmaydigan manzaralar mehmonlarni ajablantirmay qo‘ymayapti.

Nufuzli sammit bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Mustaqillik saroyining bir tomonida to‘qayzor va qurilish uchun qazib qo‘yilgan xandaqlarni ko‘rish mumkin. Ushbu manzara kishida poytaxtga emas, olis shimol tumanlarining biriga kelib qolgandek tasavvur beradi.

Ammo, sal ichkariroqdagi zamonaviy osmono‘par binolar, ravon yo‘llar Markaziy Osiyoning shiddat bilan rivojlanib borayotgan shahrida ekanligingizni uqtiradi.

Bu siyosiy sahnada oldiga yuqori ambitsiyalarni qo‘ygan, ammo korruptsiya va so‘z erkinligiga qo‘yilgan to‘siq orqali tanqid qilinib turiladigan Qozog‘iston uchun xos manzara.

Sammit arafasida jurnalistlar va inson huquqi himoyachilari so‘roviga qaramay, ularning bir necha erkin fikrlovchi hamkasblari turli ayblovlar bilan umrini hamon hibsxonalarda o‘tkazishmoqda.

OXHTdek nufuzli hamjamiyatga raislik qilayotgan Qozog‘iston uchun ishlari hamon muallaq bo‘lib turgan o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar ham "bosh og‘riq" bo‘lib turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Rasmiy Toshkent bilan munosabatlari havas qilarlik darajada bo‘lmasa-da, ammo u bilan hisoblashishini afzal biluvchi Ostona hibsda saqlanayotgan 27 qochqinni O‘zbekistonga na berarini va na bermasligini ma‘lum qildi.

(Qozog‘istondagi ushbu dabdabali yig‘inda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov kelmasligi, Tashqi ishlar vaziri jo‘natilishi ma‘lum bo‘ldi).

Nima bo‘lganda ham, bugun Ostona o‘z muammolarni unutgan holda sammitni yuqori darajada o‘tkazishga jazm qilgan.

Rasmiy ma‘lumotlar ushbu sammitga 11 million yevro xarj qilinganini aytmoqda. Ammo, mustakil kuzatuvchilarga ko‘ra, sarf-xarajatlar uchun ketgan haqiqiy raqamlar hech qachon oshkor etilmaydi. "Qozog‘iston elboshisi obro‘si uchun sarflanadigan pulning ahamiyati yo‘q", deyishadi ular.