Qirg‘iziston poytaxti Bishkek markazida portlash yuz berdi

Image caption Aksar sobiq hukumat rasmiylaridan iborat ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayoni Sport saroyida davom etmoqda

Hodisa mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9larga yaqin 7 aprel namoyishchilariga o‘q uzishda ayblanganlar ustidan mahkama jarayoni o‘tayotgan bino oldida sodir bo‘lgan.

Portlash oqibatida 3 huquq-tartibot xodimi doxil 6 kishi jarohatlangan. Hodisa joyida o‘n metrlik chuqur paydo bo‘lgan.

Aksar sobiq hukumat rasmiylaridan iborat ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayoni Sport saroyida davom etayotgandi.

Bir kun oldin O‘sh shahrida amalga oshirilgan maxsus amaliyotda to‘rt nafar islomiy jangarilikda gumon qilingan shaxs halok etilgandi.

O‘shda nishonga olingan shaxslar kimlar va yo qaysi guruhga mansub degan savollar ochiq qolmoqda.

Ayni paytda Amerika Davlat kotibasi Hillari Klintonning Qirg‘izistonga safar qilishi kutilmoqda.

Portlashni kim uyushtirgani ma‘lum emas

Huquq - tartibot xodimlariga ko‘ra, hozircha noma‘lum qolayotgan shaxslar portlovchi vositani binoning shimoliy qismidagi kanalizatsiya qopqoqli tuynugi ichiga joylashtirib ketishgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulovning bildirishicha, uch kilogrammdan ko‘proq trotil quvvatiga teng keladigan qo‘lbola portlovchi vosita o‘tgan dam olish kunlari o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, uning aytishicha, haftaning ish kunlari mazkur bino kechalari ham qo‘riqlanadi.

Hukumat mulozimlarining taxminlaricha, Bishkekdagi portlash Sport saroyida o‘tayotgan mahkama jarayonini to‘xtatish maqsadida amalga oshirilgan.

Sobiq hukumat rasmiylaridan iborat ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayoni ikki haftadan beri davom etmoqda. Portlash sababli seshanba kungi mahkama jarayoni qoldirilgan.

Dushanba kuni aniqlangan yangi tartib asosida shu haftadagi mahkama yig‘inlari ertalabki soat 09:00da boshlanishi rejalangan, lekin kecha bir qator ayblanuvchilar himoyachilari talabi bilan seshanba kungi mahkama majlisi soat 10:00da boshlanishi kerak bo‘lgan.

Qirg‘izistonning hukumati hali rasman bekor qilinmagan muvaqqat hukumati a‘zosi Azimbek Beknazarov mahkama ishlari bundan keyin boshqa binoda o‘tkazilishi mumkinligini aytgan.

Taxminlar

Xavfsizlik xizmati rasmiylariga ko‘ra, Bishkekdagi va dushanba kuni O‘shda yuz bergan portlashlarning bir hafta oldin mamlakat janubida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘i qo‘lga olingan 9 shaxsning noqonuniy faoliyati o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor.

Milliy xavfsizlik xizmati mulozimlarining aytishlaricha, "Qirg‘iziston hududida terror harakatlariga bosh qo‘shgan 39 kishining shaxslari aniqlangan va hozir ularning 8 nafari hibsga olingan. Dushanba kuni esa, O‘sh shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida bir kishi o‘zini portlatib yuborgan va yana uch kishi otib o‘ldirilgan".

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Qulboy Musayevga ko‘ra, dushanba kuni O‘shda halok etilgan shaxslardan biri Majrimtol mahallasi masjidi imomi Farhod Nurmatovdir.

Mulozimning aytishicha, otishma va portlashlar ushbu shaxsning hovlisida yuz bergan va portlash oqibatida imomning uyi butunlay vayron bo‘lgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga binoan, Kalashnikov rusumidagi avtomat bilan uydan shoshilinch chiqib kelgan va o‘q uzgan uy egasi birinchi bo‘lib o‘ldirilgan. Xavfsizlik rasmiylarining taxminlaricha, imom bilan birga uning 48 yoshli qarindoshi Zokir Nurmatov ham bo‘lgan. Zokir Nurmatov Andijon hodisalariga aloqadorlik ayblovlari bilan O‘zbekistonda sudlangani ham aytiladi.

Qirg‘iz rasmiylarining bildirishlaricha, qo‘lga olingan va o‘ldirilgan shaxslarning "Islomiy Jihod Ittifoqi" va "Turkiston Islomiy Harakati" deb nomlangan tashkilotlarga aloqasi borligi taxmin qilinadi.

Bildirilishicha, ular Qirg‘iziston bo‘ylab 30dan ortiq portlashlarni amalga oshirishni rejalashgan.

Qirg‘iziston mulozimlari ushbu shaxslarni "millat-buzg‘unchilar guruhi" deya ta‘riflashmoqda. Ammo, guruh tarkibida qirg‘iz, o‘zbek va rus millatiga mansub shaxslar borligi aytiladi. Qo‘lga olinganlardan biri O‘zbekiston fuqarosi ekanligi va uni vataniga estraditsiya qilishga hozirlik ko‘rilayotgani e‘lon qilingan.

Shu bilan birga huquq-tartibot xodimlari O‘sh shahrida yana bir necha reydlar o‘tkazish rejalanganini ma‘lum qilganlar. Rasmiylarning aytishlaricha, Qirg‘izistondan Rossiyaga qochishni rejalagan shaxslarni qo‘lga olish bo‘yicha Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan ham kelishilgan.