Tojikiston: Xatlonda xavfsizlik xodimlariga pistirma uyushtirilgan

Image caption Balujiston tog‘li mintaqa hisoblanadi

Tojikistonning janubidagi Xatlon viloyati Baljuvon tumanida noma‘lum qurolli shaxslar bilan to‘qnashuvda uch kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.

Hodisa 1 dekabr kuni ro‘y bergan.

Halok bo‘lgan insonlarni payshanba kuni dafn etish marosimlari bo‘lib o‘tgan.

Baljuvon tuman rasmiylarining Bi-bi-siga aytishlaricha, to‘qnashuvda tuman militsiya idorasi rahbari o‘rinbosari, tuman xavfsizlik xizmati boshlig‘i muovini va Temurmalik tumani shifoxonasi haydovchisi halok bo‘lgan, yana ikki militsiya va xavfsizlik xizmati xodimi, bir voyaga yetmagan bola jarohatlangan.

Tojik rasmiylariga ko‘ra, xavfsizlik idoralariga Baljuvon tumanida bir necha noma‘lum shaxs paydo bo‘lgani, ular odamlardan non so‘raganlari haqida xabar kelib tushgan.

Noma‘lum odamlarning g‘alati shevada gapirganlari mahalliy odamlarning e‘tiborini tortgani ma‘lum qilingan, odamlar ularni afg‘onlar deb qabul qilganlar.

Shundan so‘ng ushbu xabarni tekshirishga qaror qilingan, tekshirish uchun borayotgan guruh pistirmaga duch kelgan.

Rasmiylarga ko‘ra, qurolli guruh a‘zolari besh-etti kishidan iborat deb taxmin etilmoqda.

Qonli to‘qnashuvdan keyin jangarilar g‘oyib bo‘lganlar.

Huquq-tartibot organlari qurolli shaxslarni qidirib topish maqsadida hududga maxsus qo‘shinlar yuborilganini ma‘lum qilganlar.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, bu shaxslar Dushanbedagi qamoqxonadan qochgan isyonkor mahbuslarning qolgan-qutgan a‘zolaridir.

Sentyabr oyida Tojikiston sharqidagi Rasht vodiysida ham hukumat kuchlari va isyonkorlar o‘rtasida otishmalar kechgan va Mudofaa vazirligining oltmishdan ziyod harbiysi nobud bo‘lgandi.