Qirg‘iz shirkati Amerikaning harbiy bazasini yoqilg‘i bilan ta‘minlaydi

Ayon bo‘lishicha, Qirg‘izistonning davlatga qarashli Manas Yoqilg‘i quyish kompleksi Bishkekdagi AQSh havo bazasiga lozim bo‘lgan ja‘mi yoqilg‘ining yarmini o‘zi yetkazib berishni rejalamoqda.

"Manas" aeroportida joylashgan havo bazasi Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi hisoblanadi.

Amerika tomonining rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy paytda Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklash uchun NATO "Manas"dagi tranzit markazi orqali kuniga 3.5 mingta askar va olti ming tonnadan ortiq har xil yuklarni tashib o‘tadi.

Bundan tashqari, Rossiyaning davlatga qarashli "Gazprom" shirkati ham yangi shartnomadan o‘z hissasiga umid qilmoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri muovini Amangeldi Muraliyevning aytishicha, "so‘nggi xabar yangi qirg‘iz hukumatining shaffof faoliyat olib borishga hozirligi yo‘lida qo‘yilgan ilk qadamni namoyon etadi".

"Manas" havo bazasini yoqilg‘i bilan ta‘minlashga oid shartnomalar sobiq qirg‘iz prezidenti Qurmonbek Bakiyev vazifasidan chetlatilgan aprel oyidan buyon korruptsiyaga oid da‘volar girdobida qolib keladi.

Muvaqqat hukumat Bakiyev oilasini bu kabi bitimlardan adolatsiz bir ravishda foyda olganlikda ayblaydi. Joriy paytda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ayni ish yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.

Shu yil noyabr oyida AQSh Qurmonbek Bakiyev ma‘muriyati davrida "Manas" havo bazasini yoqilg‘i bilan ta‘minlab kelgan va Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Mina Corp shirkati bilan yangi kelishuv imzolagandi.

Shirkat, o‘z navbatida, sobiq qirg‘iz prezidentining oilasiga hech bir aloqasi yo‘qligini aytgandi.

Qirg‘izistondagi Amerika elchiligining bildirishicha, endi Mina Corp shirkatining yoqilg‘i ta‘minotidagi ulushi 50 foizga qisqaradi. Qolgan teng yarmi esa, qirg‘iz shirkatlariga ixtiyoriga o‘tadi.

"Manas" havo bazasini yoqilg‘i bilan ta‘minlashga oid millionlab dollarlik bitimlar qashshoqlashib qolgan, ammo Rossiya, AQSh va Xitoy o‘z ta‘sir doirasiga olishga uringan strategik jihatdan muhim Qirg‘izistonda nozik masala sanaladi.

Amerika Nato Afg‘oniston xavfsizligini afg‘on kuchlariga topshirishi kutilayotgan 2014 yildan so‘ng ham Qirg‘izistonda o‘z harbiy hozirligini saqlab qolish niyatida ekanini yashirayotgani yo‘q.

Manas Yoqilg‘i quyish kompleksi joriy yil oxiriga qadar havo bazasiga 20.000, kelasi yildan boshlab esa, 100.000 tonnadan ortiq yoqilg‘i yetkazib berishni rejalamoqda.