Qirg‘izistonda iyun oyidagi nizolar bilan aloqadorlikda yana 6 o‘zbek hukm etildi

Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi mahkama 6 nafar o‘zbekni iyun oyidagi milliy nizolar chog‘ida bir qirg‘iz oilasini o‘ldirishda aybdor deb topib, ularni turli xil qamoq jazolariga hukm etgan.

Mahkama hukmida aytilishicha, O‘shning Shahidtepa mavzesidagi bir qirg‘iz ayoli va uning 10 yashar o‘g‘li o‘zbeklar tomonidan o‘ldirilgan, ayolning 15 yashar qizi jinsiy zo‘rlangan.

Ayblanganlar orasidan bir ayolga 15 yillik qamoq jazosi belgilangan.

Himoyachilarga ko‘ra esa, qamoq jazolariga hukm etilgan 6 insonning qotillikka aloqasi bo‘lmagan.

Qirg‘iz mas‘ullari iyun oyidagi zo‘ravonliklar yuzasidan 4 mingdan ortiq jinoiy ish ochishgan va mahkama jarayonlari avgust oyidan buyon davom etib keladi.

O‘sh va Jaloloboddagi xunrezliklar guvohlari qirg‘iz armiyasining qurolli olomon tomonida o‘zbeklarni o‘qqa tutgani, harbiy kiyimdagilarning qizlarni zo‘rlash, uylarga o‘t qo‘yish va talonchiliklarda ishtirok etganini da‘vo qilishadi.

Iyun oyidagi milliy nizolar chog‘ida, shuningdek, yuzlab kishilar qurbon bo‘lib, minglab insonlar tan jarohati olganliklari aytiladi.

Qonli to‘qnashuvlardan yana qariyb yarim million kishi jabr ko‘rgan: 400.000 ga yaqini doimiy turar-joylarini tashlab chiqishgan, o‘n minglab boshpanasizlar esa, qo‘shni O‘zbekistonga ham qochib o‘tishgandi.

Himoyachilardan biri Bi-bi-siga quyidagilarni aytib berdi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди