Shimoliy Tojikistonda "Hizbut tahrir" faollashdimi va yo …?

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, keyingi bir oy davomida Shimoliy Tojikistonda 15 nafar kishi noqonuniy "Hizbut tahrir" firqasiga mansublikda gumon etilib qo‘lga olingan. Ularning ikki nafari qo‘shni O‘zbekiston fuqarosi ekanligi aytilmoqda.

Shuningdek, o‘n nafardan ortiq odam O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy Harakati mansublari sifatida hibsga olingan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Tojikistonda faoliyati taqiqlangan hizb va harakatlar faollarini aniqlash va hibsga olish Xo‘janddagi portlashga olib kelgan xudkushlik hujumidan so‘ng boshlanib ketgan.

Mazkur portlashda xudkush hujumchidan tashqari 3 nafar militsiya mulozimi halok bo‘lgan va yana 27 nafari yaralangandi.

Ayni bir paytda ota-onalar hibsga olinayotgan farzandlari aybsiz ekanliklarini aytib, norozilik bildirishmoqda.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 600 nafarga yaqin kishi "Hizbut tahrir" g‘oyalarini tarqatish va mazkur hizbga mansublikda ko‘rilib jazoga tortilgan.

"O‘g‘lim endi harbiydan qaytgandi…"

G‘afurov shahrida yashaydigan ayolning aytishicha, uning o‘g‘illarini "Hizbut tahrir"ga mansublikda gumon etib hibsga olishgan.

"Bu yerda o‘g‘lim Hofizjonni olib ketishdi. O‘t o‘chiruvchilarmiz deb kelishdi. Uylarimiz churuk edi, u harbiydan kelib endi tuzata boshlagandi. Olib ketishdi," xo‘rsinadi ayol.

Uning aytishicha, boshqa o‘g‘illari Dushanbega ishlash uchun ketishgan va ularni u yerda hibsga olishgan.

"Yusufjonni Dushanbeda olib ketishgan. Yetti oy bo‘ldi, hali sud bo‘lgan emas. "Hizbut tahrir"ga a‘zo deyishibdi. Bundan xabarim yo‘q. Chunki Dushanbega borib-kelishimiz qiyin...U Dushanbeda ishlab yurgandi. Ikki kuyovimni, kichik o‘g‘limni ham olib ketishgan. Qizlarimni ham qamab qo‘yishgan deb eshityapman. Bittasi Dushanbega davolanish uchun ketgandi, ikkinchisining uchta bolasi bor, yana homilador. Nima qilishimni bilmayman. Mening holimni so‘raydiganlar bormi-yo‘qmi. Buni bir Xudoning o‘zi biladi," deydi ayol.

Xo‘jandlik 67 yoshli Sharifjon Dadaboyevni oldinroq "Hizbut tahrir" g‘oyalarini tarqatishda ayblab, uch yil ozodlikdan mahrum etishdi. Uning bir o‘g‘li ham shu ayb bilan qamalgan. Sharifjon Dadaboyevning ayoli endi kenja o‘g‘li Alijonni ham tutib ketishganidan noliydi:

"Juma namozidan chiqqanda ushlab ketishgan," ayolning keyingi so‘zlari yig‘iga aralashib ketadi.

Nega jazolashlar samara bermayotir?

Ayni bir paytda Sug‘d viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma‘lumotlariga ko‘ra, "Hizbut tahrir"ning Shimoliy Tojikistondagi rahbarlaridan biri sifatida ko‘rilayotgan xo‘jandlik 56 yoshli Tolib Ochilov qo‘lga olingan. U tushgan mashinani Ayniy tumanidagi Davlat avtomobil nazorati nuqtasida tekshirishgan va Ochilovni hibsga olishgan.

Tolib Ochilovning bundan sakkiz yil oldin "Hizbut tahrir"ga mansublikda ayblanib ozodlikdan mahrum etilgani, lekin bundan bir yil oldin ozodlikka chiqqach yana bu hizb g‘oyalarini tarqatishda davom etgani aytilmoqda. Jumladan, huquk-tartibot mulozimlariga ko‘ra, u Xo‘jand shahri va Bobojon G‘afurov tumanida "Hizbut tahrir" varaqalarini tarqatgan.

Tojikistonda "Hizbut tahrir" faoliyati 2001 yilda noqonuniy deb e‘lon etilgan va taqiqlangan. Mazkur hizb a‘zolari odatda milliy, irqiy, diniy va mahalliychilik asosida nizolar uyg‘otish, mavjud qonuniy tuzumni ag‘darishga chorlash, jinoiy guruh tuzish va unga a‘zo bo‘lishda ayblanadilar.

Kuzatuvchilar fikricha, keyingi paytda hibsga olingan kishilarning ko‘pchiligi oldin ham "Hizbut tahrir" g‘oyalarini tarqatishda ayblanib jazoga tortilgan.

Lekin birinchi marta hibsga olinganlar ham oz emas. 34 yoshli Homid Bobojonov "Hizbut tahrir" adabiyotlari va varaqalarini tarqatishda gumon etilmoqda.

Kuzatuvchi Islom Rasulov uning ishsiz ekanligini ta‘kidlar ekan, aynan iqtisodiy norozilik ham yoshlarni noqonuniy hizb va harakatlar safiga qo‘shilishlariga olib borishi mumkin, deydi.

Isfaralik Muxtorjon ham doimiy ish topgan emas. U hozirda yo‘nalishli taksida pul teruvchilik qiladi. Kuniga topgan puliga beshta non olishi mumkin va bu bilan uch jonni boqadi.

"Ish yo‘q. Mardikor bozoriga o‘ting, qancha odam o‘tirganini ko‘rasiz. Mardikorga bir kun ish topilsa, uch kun ish yo‘q. Shuning uchun puli oz bo‘lsa-da, "Gazel"da ishlab yuribman," deydi Muxtorjon.

Kuzatuvchi Islom Rasulovga ko‘ra esa, "Ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi biron yirik strategiya yoki dasturning yo‘qligi bois odamlar turli xil noqonuniy harakatlarga qo‘shilib ketishlari mumkin. Ish va yaxshi ish haqi bilan ta‘minlangan odamlarning o‘z maqsadi yo‘lida turli xil ko‘chalarga boshlab ketadigan turli guruhlar g‘oyalarini eshitishga vaqtlari ham bo‘lmaydi. Ustiga sobiq Sho‘rolar Ittifoqi tarqab ketgandan so‘ng haligacha mamlakatning yangicha mafkurasi yo‘q. Bu g‘oyaviy bo‘shliqdan esa ko‘plar foydalanishlari mumkin".

Keyingi oyda Shimoliy Tojikistonda "Hizbut tahrir" mansublari sifatida qo‘lga olinganlar orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor.

Chet elda diniy ta‘lim olish noqonuniy harakatlarga boshlaydimi?

Istaravshan shahrida esa, 37 yoshli Ilhom G‘aniyev O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy harakatiga mansublikda gumon etilib hibsga olingan. "Abdullo" laqabi bilan ish ko‘rgan bu kishining Saudiya Arabistonidagi madrasalardan birida ta‘lim olgani huquq-tartibot maqomotlari tomonidan alohida ta‘kidlanmoqda.

Tojikiston prezidentining chiqishlaridan so‘ng hozir chetda diniy ta‘lim olayotgan tojikistonlik yoshlarni mamlakatga qaytarish davom etmoqda. Hozirgacha Pokiston, Misr va Eron kabi davlatlardan 400 nafarga yaqin talaba Tojikistonga qaytarib olib kelindi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, chet elda diniy ta‘lim olayotgan tojikistonlik yoshlarni ortga qaytarish, noqonuniy hizb va guruhlarga mansublikda gumon etilayotgan kishilarni qidirish va hibsga olishlar kuchaygani Tojikistonda keyingi uch oyda yuz bergan portlash va otishmalarga bog‘liq.

Jumladan, kuzatuvchilar Dushanbe qamoqxonasidan ommaviy qochish, Xo‘janddagi xudkushlik hujumi natijasida yuz bergan portlash va Rashtdagi voqealarni misolga keltirishadi.

Oddiy odamlar esa, qidiruv va qo‘lga olishlar paytida gunohsiz odamlarning jabrlanib qolishlaridan xavotirlanishadi.