Olma ota shahrida o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning mahkamasi bo‘lib o‘tmoqda

Olma ota shahrida o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning mahkamasi bo‘lib o‘tmoqda.

29 boshpana izlovchi Olma ota shahar Migratsiya qo‘mitasi tomonidan qochqinlik maqomi berilmagani yuzasidan arz qilgan.

Hozircha mahkama da‘vogarlarning arizasini qoniqtirmagan.

Bugun mahkamaning navbatdagisi davom etmoqda. Ikkita xonada ikki hakam tomonidan ishlar ko‘rib chiqilmoqda.

Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatirida saqlanayotgan boshpana izlovchilarning ishi hozirda tinglanmoqda.

Advokat Anjelika Rahimberdina javobgar shaxs sifatida qatnashayotgan Olma ota Migratsiya qo‘mitasidan qanday hujjatlarga asoslanib unga qochqinlik maqomini bermaganligini so‘radi.

Olma ota Migratsiya qo‘mitasi tomonidan qatnashayotgan shaxs boshpana so‘rovchilarga rad javobi berilishiga oid hujjatlar faqatgina xizmat maqsadlarida ishlatilishi uchun ularni ochiqlay olmasligini ta‘kidladi.

Anjelika Rahimberdina himoyasidagi Alisher Hoshimov O‘zbekistonga yuborilsa, qiynoqlarga duch kelishi mumkinligini aytdi.

Ushbu gapiga xalqaro tashkilotlar tomonidan keltirilgan hisobotlarni isbot o‘laroq keltirdi.

Alisher Hoshimov ishi bo‘yicha Almali tuman mahkamasining qarori hali eshittirilgani yo‘q.

Adliya Vazirligiga qarashli tergov izolyatorida saqlanayotgan 15 kishiningi ishini hakam Dauren Tleubayev ko‘rib chiqmoqda.

Hakam allaqachon, Tolibov Sirojiddin, Xolo‘rayev Olimjon, Jalolxonov Saidakbar va Ulug‘bek Ostonovlarning da‘vosini qondirmadi.

Qochqinlarning yaqinlari ishga bo‘lgan munosabatdan tuman mahkamasi ularning da‘volarini qondirmasligini oldindan kutishgandi.

Endi da‘vosi qondirilmaganlar 15 kun davomida shahar mahkamasiga ariza bilan chiqishi kutilmoqda.

Ayni damga kelib, tergov izolyatorida saqlanayotgan o‘zbekistonlik qochqinlarning soni 29 taga yetdi.

Yaqinda Umarov Fazliddin ham hibsga olingan va unga hanuz advokat tayinlanmagani bois komissiya qaroridan norozi bo‘lib o‘zi ariza yozgan.

Qozog‘istondan boshpana so‘ragan 4 kishi esa, allaqachon O‘zbekistonga ekstraditsiya qilib yuborilgan.