O‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning taqdirlari oldindan hal etilganmi?

Olma ota shahri Olmali tuman mahkamasida 29 o‘zbekistonlik boshpana izlovchining ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi mahkamada Alisher Xoshimovning hukmi o‘qib eshittirildi. Uning da‘vosi qoniqtirilmadi.

Ammo mahkama ishtirokchilarb qiziq bir holatning guvohi bo‘lishgan. Hakam adashib hali mahkamasi tugamagan odamning qarorini o‘qib yubordi.

Bugungi mahkamada Milliy Xavfsizlik qo‘mitasida saqlanayotgan boshpana izlovchilarning ishi ko‘rib chiqildi.

Ertalab boshlanishi kerak bo‘lgan mahakama advokat Anjelika Rahimberdinaning iltimosiga ko‘ra tushdan keyinga qoldirilgan.

Unda Alisher Xoshimovning ishi tinglandi. Hukm o‘qib eshittirish uchun tanaffusga chiqib ketgan hakam Talg‘at Sadiqov 15 daqiqa o‘tgach qaytib kelgan va kompьyuterda terilgan hukmni o‘qib berdi.

Qizig‘i, hakam umuman boshqa odam - Shuhrat Xolboyevning hukmnomasi o‘qib boshlagan.

“Hakam Hoshimovning hukmini o‘qimasdan, Xolboyevnikini o‘qidi. Hali Xolboyevning sudi tugamagandi. Ozgina boshlanib qo‘yilgan, keyin davom ettirilishi kerak edi,” deydi mahkama jarayonida bevosita ishtirok etgan Marg‘uba Xudoyberdi Oxunova.

Hakam Talg‘at Sadiqovning hali mahkamasi bo‘lib o‘tmagan odamning hukmini o‘qiyotganini ko‘rgan advokat Anjelika Rahimberdina hakamni to‘xtatgan.

Sadiqov adashib ketganligini aytgan va uch betli hukmnomani o‘qiyotganda Hoshimovning o‘rniga Xolboyev familiyasini chalkashtirib o‘qib turgan, boz ustiga qog‘ozda yozilgan tug‘ilgan kun va yillar Xolboyevnikiga mos bo‘lgan.

- Hakam qizarib, titrab ketdi. Faqatgina uzrini aytdi. Xijolat bo‘lib ketganidan qizarib ketdi. Advokat Anjelika Rahimberdinadan qayta-qayta, “Chto vы skazali, pro kogo, pro chego?” deb so‘radi.

Advokat siz Hoshimovnikini o‘qimasdan Xolboyevnikini o‘qiyapsiz, hozir Hoshimovning ishi dedi, Hoshimov 1969 yilda tug‘ilgan, Xolboyev esa 1973 yilda tug‘ilganlingini aytdi, deydi Marg‘uba Xudoyberdi Oxunova.

Hakamning ushbu xatti-harakatlari mahkamaga qatnashayotganlarning hukmi oldindan tayyorlab qo‘yilgan, degan qarashlarni tasdiqlashi mumkin. Kuzatuvchilar ushbu mahkamalarga ishonchsizlik bildirishayotgan edi.

“Bu qarorni eshitib, hammamiz hayratda qoldik. Xolboyevning ishi hali ko‘rib chiqilmasdan qaror qabul qilinganini bildik. Demak, bu yuqoridan hal qilingan ish,” deydi mahkamada qatnashganlardan biri.

Alisher Hoshimovning da‘vosi qondirilmadi. Unga qochqinlik maqomini bermagan Olma ota Migratsiya qo‘mitasining qarori o‘z kuchida qoldi. Hoshimovning advokati 15 kun davomida mahkama qaroridan noroziligini bildirishi mumkin.

Mahakama ertaga o‘z ishini davom ettiradi. Unda boshqa da‘vogarlarning ishlari ko‘rib chiqiladi.