Rasmiy Dushanbe “Vikiliks”dagi bayonotlarni “asossiz” va “bema‘ni,” deb rad etdi

“Vikiliks” veb sahifasida Tojikistonga oid kuni-kecha chop etilgan Amerika tomonining maxfiy diplomatik yozishmalarini rasmiy Dushanbe, “asossiz” va “bema‘ni,” deb rad etdi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimlariga ko‘ra, bu yozishmalar mamlakatlar orasidagi munosabatlarini sovuqlashtirish uchun qandaydir kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgan.

Tojikistondagi mustaqil siyosatshunoslarga ko‘ra esa, “Vikiliks”da mavjud muammolar yoritilgan.

Ammo rasmiy Dushanbe bu xususda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmaslikni lozim deb topgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Davlat Nazriyga ko‘ra, yozishmalar biror isbot-dalilga ega emas.

- Bu narsalar bema‘ni, biror asosga ega emas. Ular to‘qib chiqarilgan. O‘zaro munosabatlarga rahna solish uchun qandaydir kuchlar tomonidan ataylab to‘qib chiqarilgan. Biz bu narsalarni jiddiy qabul qilmaymiz, deb aytgan Davlat Nazriy.

Janob Nazriyga ko‘ra, “Vikiliks”dagi yozuvlar voqe‘likka to‘g‘ri kelmaydi va shu sababdan ham Tojikistonning biror xorijiy davlat bilan munosabatlariga ta‘sir qilmaydi.

Kecha Amerika tomonining maxfiy diplomatik yozishmalarini chop etgan Britaniyaning "Gardian" gazetasi Tojikistonning eng asosiy muammosi, uning "sotqin prezidenti" Imomali Rahmondir, deb yozgandi.

Dushanbedagi AQSh elchixonasininig 2010 yil 16 fevralida Vashingtonga yo‘llangan maxfiy telegrammasida prezident Rahmon Tojikiston iqtisodini faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib boshqarishi haqida yoziladi.

"Mamlakatda butun hokimiyat, prezidentdan tortib, burchakdagi militsionergacha, tanish-bilishchilik va korruptsiya botqog‘iga botgan", deyilgan “Vikiliks” chop etgan maxfiy hujjatlarda.

Amerika tomonining diplomatik yozishmalarida Imomali Rahmon va uning oilasi mamlakatning eng yirik banki doxil, barcha yirik korxonalarni nazorat qilishi ham aytiladi.

Tojikistonlik mustaqil siyosatshunos Davlat Usmon mamlakatlarni gij-gijlovchi kuchlar bor, degan fikrga qo‘shiladi. Ammo masalaning ikki tomoni bor, deydi siyosatshunos.

- “Vikiliks” bir tomondan mavjud muammolarni yoritadi, ikkinchi tomondan, buyuk o‘yinchilarning mintaqadagi siyosatidan, mintaqa sahnasida raqobat yo‘lida ana shu davlatlar ustidan qanday siyosat olib borilayotganidan xabardor qiladi, deydi siyosatshunos.

Siyosatshunoslar “Vikiliks” zarbasiga uchragan faqat u yoki bu prezident emasligi - ularga taskin bo‘lishini aytishadi.