Qirg‘iz xavfsizlik xizmati terrorchilik fitnasi oldini olganini aytmoqda

Image caption Qirg‘iz xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, Bishkek va mamlakat janubidagi xurujlarni bir guruh rejalashtirgan

Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati rahbari Bishkekda matbuot anjumani tashkil etib, mamlakat janubidagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadini ko‘zlagan terrorchilar tarmog‘i rejasini fosh etganini aytgan.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev so‘zlariga ko‘ra, "terrorchilar Qirg‘iziston rasmiylari va xavfsizlik zobitlaridan shu yil iyun oyidagi hodisalar uchun o‘ch olishni ko‘zlaganlarini aniqlashning uddasidan chiqqanlar".

Qirg‘iz xavfsizlik xizmati rahbari aytishicha, terrorchilar tarmog‘i tuzilmasini aniqlaganlar, bu guruhning rahbarlari, muvofiqlashtiruvchilari bo‘lgan, "terrorchilar Qirg‘iziston janubini 11 ta sektorga, O‘sh shahrini esa 14 bo‘limga bo‘lib olgan bo‘lganlar.

Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda terrorchilik xurujlarini sodir etgan va bunday amaliyotlarni rejalashda aloqador shaxslar soni bir necha o‘nni tashkil etadi.

Janob Dushebayev shu yil iyunida mamlakat shimolidagi To‘qmoq shahrida sodir etilgan portlash, O‘sh shahridagi otishma, noyabr, dekabr oylarida poytaxt Bishkekdagi portlashlar ana shu terrorchilik guruhi a‘zolarining ishi bo‘lgan.

Keneshbek Dushebayev aytishicha, Qirg‘iz xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va mudofaa vazirligi hamkorligida terrorchilik amalini rejalashtirgan guruh a‘zolariga qarshi 29 noyabr kuni O‘sh shahrida maxsus amaliyot o‘tkazilgan, otishmada uch jangari o‘ldirilgan.

11 dekabr kuni O‘sh shahrida bir necha shaxs qo‘lga olingan, ular orasida 2005 yil Andijon hodisalariga aloqador O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan, deb aytgan Milliy xavfsizlik xizmati boshlig‘i.

Qirg‘izistondagi xavfsizlik kuchlari oxirgi paytlarda ko‘plab terrorchilik, bo‘lginchilik maqsadini ko‘zlagan shaxslar qo‘lga olinayotganini, ular qo‘lga olingan paytda qurol-yarog‘lar, diniy-ekstremistik mazmundagi adabiyotlar qo‘lga olinayotganini da‘vo qilmoqdalar.

Ayni paytda Qirg‘iz rasmiy mulozimlarining bayonotlari savol ostiga ham olinmoqda.

Xususan, qirg‘izistonlik taniqli siyosiy tahlilchi Aleksandr Knyazev "Fergana.ru" axborot agentligi bilan suhbatda, so‘nggi qonli hodisalar adolat topa olmagan Qirg‘izistondagi o‘zbeklarni O‘zbekiston islomiy harakati singari guruhlar safiga qo‘shilishga undashi mumkinligi ehtimolini bildirsa-da, Qirg‘iz mulozimlarining minbarlardan aytayotgan gaplarining haqiqatga naqadar mos kelishini savol ostiga oladi.

"Hozir rasman oddiy bema‘niliklarni gapirishayapti: teraktlarni "millatchi-bo‘lginchi ruhdagi guruh tomonidan" tayyorlangan, ammo ichki ishlar vaziri so‘zlariga ko‘ra, bu guruh tarkibida qirg‘izlar, o‘zbeklar va ruslar bo‘lgan. Bu qanday telbalik? Bu yerda "millatchilik" nimadan iborat bo‘lgan, "bo‘lginchilik" nimadar iborat? Kam savodli odamlarni bunday qo‘rqituvchi so‘zlar "titulli millatga mos bo‘lmaganlar"ga nisbatan yanada ko‘proq gijgijlaydi, o‘z-o‘zidan o‘zbeklar nazarda tutilayotgan "separatistlar" obrazini yanada bo‘rttiradi", deydi Aleksandr Knyazev.

Ikki kun ilgari O‘sh shahrining ziddiyatli meri 800 dan ziyod o‘zbek millati vakillarini to‘plagan va shaharga 400-500 terrorchi sizib kirgani haqida "ogohlantirgan".

Ammo bu bayonotni Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi rad etdi.

Qirg‘iz Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev Bishkekdagi matbuot anjumanida O‘sh shahri meri bayonotidan keyin o‘zlariga ko‘plab oddiy fuqarolardan xavotirli telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lganini ma‘lum qilgan, siyosatchilarni o‘z bayonotlariga ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan.

Dushebayev aytishicha, hozir o‘zlariga juda ko‘p axborot kelib tushayapti, ular orasida mish-mishu-turli gaplar ko‘p.