O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yopilgan temir yo‘l aloqasi qayta tiklanadi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bundan bir yil oldin yopib qo‘yilgan temir yo‘l aloqasi qayta tiklanadi. Bu haqda qozoq rasmiylari ma‘lum qilmoqda.

Bundan sal oldinroq ikki davlat o‘rtasidagi 3 ta chegara nuqtasi kunu tun ishlash tizimiga o‘tgandi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston “Maqtaral” stantsiyasi orqali temir yo‘l aloqasini tiklash bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.

Bu haqda parlament yig‘ilishida Qozog‘iston Transport va kommunikatsiya vaziri Abilg‘azi Kusainov ma‘lum qilgan.

“Poyezdlar harakatini uzluksiz ta‘minlash maqsadida O‘zbekiston chegara xizmati bilan “Maqtaral” o‘tish nuqtasini vaqtincha 2001 yilning 21 martiga qadar ochish kelishuviga erishdik. Ayni damda ushbu kelishuvni O‘zbekiston Respublikasi bilan imzolash borasida tayyogarlik ketmoqda”, - deb aytgan Kusainov.

2009 yilning noyabrь oyida Qozog‘iston Chegara xizmati "Atakent" stantsiyasidan O‘zbekisonga olib boruvchi temir yo‘lni yopgan edi.

O‘shanda ushbu qaror “Maqtaral” o‘tish nuqtasining qozoq-o‘zbek chegarasidagi o‘tish nuqtalari ro‘yxatida yo‘qligi bilan izohlangandi. Shuning uchun uning faoliyat yuritishi noqonuniy deb topilgan.

Qozog‘istonlik kuzatuvchilarga ko‘ra, yuk tashishga mo‘ljallangan temir yo‘llarning faoliyat yuritishi ko‘proq O‘zbekiston uchun kerak.

O‘zbekistonni tashqi dunyo biln bog‘lovchi temir yo‘llarining asosiy qismi Qozog‘iston orqali o‘tadi.

Bundan sal oldinroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 3 ta chegara o‘tish nuqtasi kunu tun ishlash tizimiga o‘tgandi.

Fuqarolar va mashinalar uchun mo‘ljallangan “Ipak yo‘li”, Konisbayev nomidagi post va “Sariag‘ach” stantsiyasi temir yo‘l o‘tish nuqtasi uzilishlarsiz ishlash tizimga o‘tdi.

10 yildan ortiq vaqt davomida ushbu nuqtalar faqat kunduz kunlari faoliyat yuritib kelgan. Bu odamlarga noqulayliklar tug‘dirardi.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, chegara o‘tish nuqtalarining qisman ishlashini O‘zbekiston tomoni istagan. Ammo ikki davlat o‘rtasida chegaralarning uzluksiz ishlashi bo‘yicha kelishuvi har doim bo‘lgan.

O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaralari o‘zbek mehnat muhojirlarining Qozog‘iston va Rossiyaga o‘tish uchun asossiy nuqtalari hisoblanadi.

Ushbu chegaralarda qishin-yozin ish ilinjida ketayotgan va yo-da vataniga qaytib kelayotgan o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin.