'Qirg‘izistonda aksilterror amaliyotlar yanada kuchaytiriladi'

Image caption Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev, butun mamlakat bo‘ylab aksilterror amaliyotlar yanada kuchaytirilishi rejalanayotganini aytdi

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi eng avval ommaviy axborot vositalarga maxsus murojaatnoma tarqatib, tekshirilmagan ma‘lumotlarni chop etmaslik yuzasidan ogohlantirgan.

Vazirlik tuhmat va ig‘vogarona axborotlar, noma‘lum shaxslar tarqatayotgan varaqalar jiddiy ko‘payganligini ta‘kidlagan. Mazkur varaqalar nafaqat mamlakat janubida, balki Qirg‘iziston shimolida ham topilganligi aytilgan.

Shu bilan birga maxsus xizmatlar aksilterror amaliyotlar kuchaytirilganligini bildirib, ushbu borada davlat boshlig‘i zimmalariga yuklagan vazifalarni bajarishga tayyor ekanligini bildirishmoqda.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev, butun mamlakat bo‘ylab aksilterror amaliyotlar yanada kuchaytirilishi rejalanayotganini aytadi.

Muharram opaning aytishicha, qishloqda o‘zini xavfsiz his qilmayotgan erkaklarning aksariyati xorijga muhojirlikka ketishmoqda.

- Mahallamizda erkaklar qolmadi. Sanoqli bir necha erkak bor, lekin ularning ham bir qismi muhojirotda qiynalib qaytib kelganlar. O‘z yurting qayerda-yu, boshqa yurt qayerda! Hamma joyda tosh bilan torozi. Hamma joy ham bir hozir. Havas qiladigan joy qolmadi...

O‘tgan iyun oyida Qirg‘iziston janubidagi O‘sh va Jalol-Obod viloyatlarida qonli millatlararo nizolar sodir etilgan va to‘qnashuvlar, zo‘ravonliklarda to‘rt yuzdan ortiq inson nobud bo‘lgan. Ikki mingga yaqin uy-joylar vayron qilingan va yo yoqib yuborilgan.

'O‘shda Yangi yil bayram qilinmaydi'

O‘sh shahri hokimi esa, shaharda Yangi yil tadbirlarini o‘tkazishni ta‘qiqlagan. Qirg‘iz xabar agentliklari Melis Mirzaqmatovning "O‘shda qon to‘kildi va biz Yangi yilni bayram qilishga ma‘naviy haqqimiz yo‘q" degan so‘zlarini keltirgan.

Ayni paytda u Qirg‘iziston janubida favqulodda holat qaytadan joriy qilinishi haqida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etgan.

Qayta tiklash ishlari

Image caption O‘shda qayta tiklash ishlari hali ham davom etmoqda

Qahraton qish kunlari ham Qirg‘iziston janubida qayta tiklash ishlari davom etmoqda. O‘sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta tiklash bo‘yicha davlat direktsiyasi bildirishicha, istiqomat qilishga yaraydigan uylarning aksariyati xonadonlar egalariga topshirilgan.

Oldinroq xalqaro tashkilotlar vakillari esa, ular o‘tgan yoz oylaridagi voqealarda zarar yetkazilgan uy-joylarni ko‘rib bitirish haqida avval olgan majburiyatini bajarishgan. Mazkur tashkilotlar barbod qilingan taxminan 1700 uylardan sakson foizini ta‘mirlashga va‘da bergan...

Men Qirg‘iziston janubiy poytaxti O‘sh shahri yaqinida joylashgan Furqat qishlog‘idagi Jo‘rabek Qo‘ziboyevning xonadoniga bordim.

Endigina tomini yopgan uy egasi juda xursandligini ko‘rish mumkin. U menga o‘zi va oilasi haqida hikoya qilib berdi:

- Men 62 yoshga to‘ldim. Ayni damda oilam tarkibida o‘n ikki inson bor. Shunday qilib, yangi uyga ham ko‘chib kirmoqchimiz. Albatta, bu avvalgi deyarli o‘n xonali katta imorat emas. Hozircha ikki o‘g‘ilimga ikkita xona ajratib bersak, yaxshi bo‘lardi, chunki ular uylangan. Ob-havoni xam qarang, bugun mana kun kuyoshli bo‘lib, xuddi Xudoning bizga rahmi kelgandek...

Jo‘rabek Qo‘ziboyevga yangi uy qurib berayotgan binokorlar uning qo‘shnilari ekan. Ustalardan biri Abdullajon qurilish qanday darajaga yetib kolganligini aytadi:

- Mana bu xonaning pollarini qoqa boshladik. Umuman olganda, bu yangi imoratning deyarli to‘qson foizi tayyor bo‘ldi. Eshigi, derazalari o‘rnatilgan. Polni qoqib bitirsak, Xudo xohlasa, ko‘chib kirsa bo‘laveradi...

O‘zini Muharram deb tanishtirgan qishloq yashovchilaridan yana biri, shu qish kunlarida yangi uyga ko‘chib kirganidan roziligini bildiradi:

- Bizga yangi uylarni kurib berishdi, Ollohga shukur ming marta, rahmat. Lekin, bu binolarni kurib berishgani bilan o‘z uylarimizda tinchimiz yo‘q. Shu uyda yayrab-yashnab o‘tira olmayapmiz. Kechqurun bolalarimizni o‘z uyimizda uxlata olmayapmiz. Yana bir to‘polon ana boshlanar ekan, mana boshlanar ekan degan gap bor.

85 yoshli Shaarkan ona esa, ayniqsa, xalqaro va nodavlat tashkilotlari bergan yordam uchun minnatdorchilik bildiradi.

Image caption Odamlar hamon tahlika ichida yashashmoqda

Lekin, qishloq aholisiga ko‘ra, insonparvarlik yordamlarining eng kam miqdorini hukumat idoralari berganligini yashirmadi.

Xavotirlar

Mahalliy odamlar faqat o‘z muammolari va xavotirlarini oshkora gapirmaydilar. Shunday bo‘lsa-da, to‘xtovsiz vahimadan toqati toq bo‘lgan Muharram opa yig‘lab yubordi:

- Shu bolalarimiz yonimizda bo‘lishsa qani edi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalarimiz, otalari oldida yurib, uyimizda o‘tirsa, deymiz. Mana mening bitta o‘g‘limni ikki kundan beri kimdir so‘rab kelayotganligidan o‘z uyimizda saqlay olmayapman. Ertalabdan dalalarda sovuqda qorni och yuribdi. Kechqurun esa, keladi-yu, issiq pechkani quchoqlab yumalaydi. Bugun ham o‘glim ertalab uydan chiqib ketgan bo‘yi shu paytgacha yo‘q. O‘g‘limni so‘rab kelayotganlarning kimligi menga noma‘lum. Hech qanday hujjatlar ko‘rsatmaydi, o‘zlarini tanishtirmaydi, bitta qizil yengil mashinada kelishayapti. O‘sha mashinasining raqamini ham ko‘rib olmabmiz. Ular notanish odamlar...

Muharram opaning aytishicha, mahalladagi xonadonlarga asosan yarim tunda o‘zlarini tanishtirmagan va hujjatlarini ko‘rsatmagan shaxslar yengil mashinalarda kelib, ayniqsa, yosh erkaklarni va o‘smirlarni uylaridan noma‘lum tomonga olib ketmoqda ekan.

Huquq-tartibot mulozimlari esa, bu kabi hodisalardan shikoyat qilib, ariza bermaganlar yo‘qligini aytishadi.